Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vatan himoyasi – muqaddas burch
11:29 / 2026-01-15

Mamlakatimiz bo‘ylab O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirlari keng nishonlanmoqda. Tinchligimiz posbonlari bo‘lmish jasorat sohiblariga ehtirom ko‘rsatilib, ularning vatanparvarligi yoshlarga namuna sifatida ko‘rsatilmoqda.

Shu maqsadda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida professor-o‘qituvchilar, talabalar hamda harbiylar ishtirokida “Vatan himoyasi – muqaddas burch” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar Vatan tushunchasining muqaddasligi, yurt tinchligi va barqarorligini ta’minlash yo‘lida xizmat qilayotgan Vatan himoyachilarining mashaqqatli va sharafli mehnatini alohida e’tirof etishdi. Shuningdek, ularning jasorati va fidoyiligi yosh avlod uchun ibrat ekani ta’kidlandi.

Dastur davomida yosh harbiylar tomonidan namoyish etilgan harbiycha chiqishlarda intizom, jismoniy tayyorgarlik, mahorat va jamoaviylik yaqqol namoyon bo‘ldi. Bu esa yurt himoyachilarining har tomonlama puxta tayyorlanganini yana bir bor tasdiqladi. Ushbu chiqishlar yig‘ilganlarga o‘zgacha zavq ulashdi.

Shundan so‘ng tadbir universitet talabalari tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari, badiiy va she’riy chiqishlarga ulanib ketdi. Vatanga muhabbat, tinchlikni asrash, sadoqat va fidoyilik g‘oyalari chuqur singdirilgan she’rlar tomoshabinlarda ulkan taassurot qoldirdi.

Mazmunan boy va ko‘tarinki ruhda o‘tgan ushbu tadbir yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda Vatanga sadoqat, mas’uliyat va fuqarolik burchiga hurmat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi maqsad qilingan.

Sherbek Islomov,

O‘zA