Andijon shahridagi Prezident maktabida “Vatan himoyasi – muqaddas burch” deb nomlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda viloyat Qo‘riqlash boshqarmasi mutasaddilari, Ichki ishlar vazirligining Qorovul qo‘shinlariga qarashli Andijondagi harbiy qism xizmatchilari, harbiy orkestr jamoasi, maktab o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olganlar mamlakatimizda mudofaa va harbiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, harbiy kasb mas’uliyati, mashaqqati hamda Vatan himoyasi muqaddas burch ekanligi haqida gapirdi. Yoshlarni yurt ishi, himoyasi yo‘lida faol va fidoyi bo‘lishga chaqirdi.

Namoyish etilgan qurol-aslahalar ko‘rgazmasi, harbiy qism xodimlarining harbiy texnika va jangovar qurollardan foydalanish borasidagi ko‘rgazmali chiqishlari, o‘quvchilar bilan o‘tkazgan muloqot va suhbatlari yoshlarning harbiy burchga bo‘lgan qiziqishini, ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Harbiy orkestr jamoasi tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar, musiqiy dastur qatnashchilarga ko‘tarinki, bayramona kayfiyat ulashdi.
F.Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri.