Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugining Termiz umumqo‘shin dala poligonidagi harbiy qismda O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti o‘quv muassasasi boshliqlarining harbiy-vatanparvarlik tarbiya bo‘yicha o‘rinbosarlari uchun uslubiy seminar tashkil etildi.
Seminarda Janubiy operativ qo‘mondonligi boshlig‘ining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, polkovnik Alisher Shirinov va boshqalar mamlakatimizda keyingi yillarda yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruxida tarbiyalashga qaratilayotgan e’tibor ularning ongu-shuurida Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat va milliy qadriyatlarimizga hurmat tuyg‘usini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi. O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti o‘quv muassasalari ham yoshlar qalbiga Vatan himoyasi sharafli va muqaddas burch ekanini chuqur singdirishda samarali faoliyat yuritayotgani qayd etildi.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 23 fevraldagi “Yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyati va ularni amalga oshirish yo‘llari bo‘yicha fikr almashildi.
Mazkur hujjat bilan tasdiqlangan yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturida bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish va faollashtirish uchun ta’lim-tarbiyaviy ishlarga mamlakatimiz fuqarolari, davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini yanada faol jalb etib, yosh avlod ongiga vatanparvarlik, mardlik kabi tuyg‘ularni yanada chuqur singdirish muhim vazifalardan biri sifatida belgilab berilgan.
Qadimiy boy tariximiz va madaniyatimiz, jonajon Vatanimiz mustaqilligi va ravnaqi yo‘lida fidokorona kurashgan milliy qahramonlarimiz bilan faxrlanish, ularga munosib bo‘lish hissini shakllantirish, milliy armiyamizning qudrati va salohiyatiga bo‘lgan ishonchni kuchaytirish, milliy armiyamizga jismonan baquvvat va ma’nan yetuk yoshlar zarurligi, harbiy xizmat har bir O‘zbekiston fuqarosi uchun muqaddas burch ekani haqidagi tushunchani mustahkamlab, ularning nazariy-amaliy ko‘nikmalarni oshirib borish, yoshlarda yon-atrofimiz va jahonda ro‘y berayotgan siyosiy-ijtimoiy jarayonlarga milliy manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda yondashish ko‘nikmalarini, turli ichki va tashqi tahdidlarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish kabi vazifalar belgilab berilgan.
Har qanday murakkab vaziyatlarda tezkor va mustaqil qaror qabul qilish, zamonaviy harbiy-texnika vositalaridan samarali foydalanish malakasiga ega yoshlarni tarbiyalash, O‘zbekiston manfaatlarini nafaqat harbiy soha, balki hayotning barcha jabhalarida himoya qilishga tayyor turish, yurt uchun fidoyi bo‘lish — bugungi kun talabi ekanini hayotiy misollar va ta’sirchan vositalar orqali yoshlar ongiga singdirib borish vazifalari qo‘yilgan.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, Yoshlar ishlari agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi va boshqa hamkor tashkilotlar mutasaddilari ham mavzu yuzasidan ma’ruzalar qildi. Ta’lim-tarbiya natijadorligini oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi. Seminar ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA