Yurtimiz tinchligi, mamlakatimiz xavfsizligi, sarhadlarimiz daxlsizligini o‘z zimmasiga olgan Vatan himoyachilarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush sharoitlarini yaxshilash davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri sifatida qaralmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2018 yil 18 yanvarda imzolangan qarorda Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari hamda Ichki ishlar vazirligi xodimlari uchun zamon talablariga javob beradigan yangi turar-joylar qurilishi belgilangan edi.
Xususan, Namangan shahridagi Davlatobod tumani hududida 2020 yilda “Qishloq qurilish invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 5 qavatli namunaviy loyihalar asosidagi 90 xonadondan iborat uchta ko‘p qavatli uy barpo etildi. Mazkur uy-joylarning 60 tasi harbiy xizmatchi, 15 tasi Milliy gvardiya va yana shunchasi ichki ishlar organi xodimlari uchun ajratildi.
Uchchala uyning umumiy qiymati 15 milliard 300 million so‘mni tashkil etib, ularga muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari tortish uchun 1 mililard 800 million so‘m mablag‘ sarflandi.
[gallery-746]
Mazkur uylarning foydalanishga topshirish marosimida so‘zga chiqqan Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Abdurazzoqov, Milliy gvardiya qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari, polkovnik Bekmurod Abdullayev, Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, polkovnik Lutfullo Buzrukovlar yurt posbonlarini yangi uylar hamda yaqinlashib kelayotgan sana - Vatan himoyachilari kuni bilan tabriklab, ezgu tilaklarini bildirdilar. Nuroniylar duoga qo‘l ochib, diyorimizda tinchlik va osudalik, farovonlik, bunyodkorlik ishlari barqaror bo‘lishini tiladilar.
- Biz harbiylar uchun elimiz tinchligi bilan birga oilamiz halovati ham muhim masala hisoblanadi. Salkam 20 yilga yaqin xizmat faoliyatimning 15 yildan ortig‘ini ayolim va farzandlarim bilan birga ijarama-ijara o‘tkazishga to‘g‘ri keldi. Yangi yilning dastlabki kunlarida o‘z uyimizga ega bo‘lganimiz esa orzular ro‘yobi bo‘ldi, - deydi Mudofaa vazirligi qoshidagi harbiy qism komandiri Rustamjon G‘aniyev.
Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish lozimki, “Yuksalish” massivida so‘nggi uch yil mobaynida Mudofaa vazirligi harbiylari, Milliy gvardiya xizmatchilari va Ichki ishlar organlari xodimlariga jami 450 xonadondan iborat 15 ta ko‘p qavatli namunaviy loyihalar asosida uy-joylar barpo etilib, egalariga topshirildi. Buning uchun davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 61 milliard so‘m sarflandi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA