FOTOREPORTAJ
Jizzax shahrida Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari safida muddatli harbiy xizmatni namunali o‘tayotgan bir guruh jizzaxlik yigitlarning ota-onalariga minnatdorchilik xatlari tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar davlat va jamiyat rivoji yosh avlodning ma’naviy kamoloti va vatanparvarlik tuyg‘usi bilan chambarchas bog‘liq ekanini ta’kidladi. Ona yurt sarhadlarini mardona himoya qilayotgan o‘g‘lonlarni tarbiyalagan oilalarga minnatdorlik bildirildi.
Marosim davomida Chegara qo‘shinlari rahbariyati tomonidan yo‘llangan tashakkurnomalar o‘qib eshittirildi va askarlarning ota-onalariga tantanali ravishda topshirildi.
[gallery-27742]
— Bugungi kun oilamiz uchun unutilmas voqea bo‘ldi, - deydi Zokir Mamarizayev. — Farzandimning harbiy xizmatda ko‘rsatayotgan intizomi va sadoqati davlat darajasida e’tirof etilayotgani biz uchun yuksak sharaf. Bunday e’tibor xizmatdagi o‘g‘lonlarga yanada kuch va mas’uliyat bag‘ishlaydi.
Qayd etilishicha, ayni paytda Chegara qo‘shinlarida xizmat qilayotgan 23 nafar jizzaxlik yigit o‘z burchiga sadoqati va namunali intizomi uchun shunday e’tirofga loyiq ko‘rilgan. Ular yuklatilgan vazifalarni mas’uliyat bilan bajarib, harbiy intizom borasida ham tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelmoqda.
Marosim yakunida yoshlar bilan uchrashuv tashkil etilib, harbiy xizmatning sharafli ekani va vatanparvarlik fazilatlari xususida fikr almashildi.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA