FOTOREPORTAJ
Jizzax viloyatining Zomin tumanida joylashgan harbiy qismda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan muddatli harbiy xizmatchilar va ularning ota-onalari ishtirokida teleko‘prik tashkil etildi.
Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari hamda hududiy idoralar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Farg‘ona viloyatida yigitlik burchini o‘tayotgan muddatli harbiy xizmatchilar ota-onalari bilan teleko‘prik orqali diydorlashdi. Samimiy muloqot chog‘ida ota-onalar farzandlariga ezgu tilaklarini bildirib, bayram tabriklarini yo‘lladi.
[gallery-27076]
O‘z navbatida, Jizzax viloyatida xizmat qilayotgan askarlar ham ota-onalari va yaqinlari bilan suhbatlashib, harbiy xizmat jarayonida ma’nan va jismonan toblanib borayotgani, erishgan yutuqlari haqida so‘z yuritdi. Ular mamlakatimiz tinchligi va davlat chegaralarining daxlsizligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shayotganidan faxrlanishini ta’kidladi.
– Ota-ona uchun farzandining yutug‘ini ko‘rishdan ortiq baxt bo‘lmasa kerak, - deydi Farg‘ona viloyatida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan Azizbek Abdunabiyevning onasi Nilufar Soliyeva. – Bugungi uchrashuvda o‘g‘limni ko‘rib, g‘ururlandim. Egnidagi harbiy libosda o‘g‘lim basavlat, mard va jasur bo‘lib ko‘rindi. Safdoshlari kabi u ham mamlakatimiz tinchligi yo‘lida xizmat qilayotganidan faxrlandim.
Videomuloqot davomida Vatanga sodiq, mard o‘g‘lonlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan ota-onalarga minnatdorlik bildirildi. Iqtidorli askarlar tomonidan o‘qilgan she’rlar va ijro etilgan badiiy chiqishlar tadbirga bayramona ruh bag‘ishladi.
Vatanparvarlik oyligi doirasida ota-onalar va yoshlar uchun harbiy qurol-yarog‘lar, maxsus kiyim-bosh hamda harbiy texnika va jihozlar ko‘rgazmasi namoyish etildi.
Jamshid YORBEKOV(surat),O‘zA