Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vatan himoyachilari kuniga tayyorgarlik muhokama qilindi
17:46 / 2020-12-21

Vatan himoyachilari kunini munosib kutib olish hamda uni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlash, fuqarolarimiz ongu tafakkuriga Vatan himoyasi sharafli va muqaddas burch ekanligini, milliy armiyamiz bilan faxrlanish, davlat xavfsizligini himoya qilish uchun mas’uliyat tuyg‘usini chuqur singdirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 29 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishi e’lon qilindi.

Farmoyishda 2020 yilning 18 dekabridan 2021 yilning 18 yanvariga qadar yurtimizda keng aholi qatlamlari, ayniqsa, yoshlarni jalb qilgan holda “Kim Vatanga sodiq bo‘lsa, mendirman o‘sha!” degan ustuvor g‘oya ostida vatanparvarlik oyligini o‘tkazish belgilangan.

Mazkur oylikni o‘tkazishdan asosiy maqsad mamlakatimizda yashovchi har bir fuqaroga O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining o‘rni va ahamiyatini yetkazish, ma’naviyatli va fidoyi, ajdodlarimizning bebaho merosiga tayanib yashaydigan barkamol shaxs – bo‘lajak Vatan himoyachilarini tarbiyalash, ularning dunyoqarashi, mantiqiy, ijodiy va tahliliy fikrlash doirasini kengaytirish, ona Vatan taqdiri uchun yuksak mas’uliyat va javobgarlik kabi muhim xususiyatlarni yanada mustahkamlash, ya’ni, “Xalq va armiya – yakdil” ekanligini halqimizga amalda namoyon etishdan iborat.

Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida  14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayramini keng nishonlashga tayyorgarlik jarayonlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida shu haqda so‘z yuritildi.

Mudofaa vazirining matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi, polkovnik Bahrom Zulfiqorov, Mudofaa vazirligi Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Hasan Xalilov, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari tarbiyaviy va mafkuraviy boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Sobirjon Isakov, Milliy gvardiya  Tarbiyaviy va mafkuraviy boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Zafarjon Abdullayev joylarda tegishli vazirlik va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda bayram kuniga bag‘ishlangan ma’naviy, ma’rifiy va madaniy tadbirlarni o‘tkazish uchun targ‘ibot-tashviqot va ijodiy guruhlar tuzilganligi haqida to‘xtaldi.

Oylik davomida shahar, tuman, qishloq va chekka ovullarda, shuningdek, madaniyat va istirohat bog‘larida harbiy orkestrlar va badiiy havaskorlik jamoalari ishtirokida “Armiya – yoshlar nigohida!” shiori ostida “Harbiy-vatanparvarlik festivallari”, noan’anaviy “fleshmob”lar, harbiy xizmatchilar va boshqa soha vakillarining ota-onalari ishtirokida “Mening farzandim yurt himoyachisi” va “Armiyaning ilg‘ori – mahallamiz iftixori” mavzularida onlayn ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, qo‘shinlar qo‘mondonlari rahbarligida va yoshlar ishtirokida “Viloyatdagi tengdoshim” mavzusida videomuloqotlar kabi tadbirlar o‘tkazilishi belgilangan. Shuningdek, Vatan himoyachilari kunini nishonlash arafasida, xususan, 2021 yilning 10-18 yanvar kunlari talaba va o‘quvchi-yoshlar uchun Qurolli Kuchlar davlat muzeyi va “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasiga bepul tashriflar tashkil etiladi.

Dasturda ko‘rsatilgan barcha ommaviy tadbirlar O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiya tavsiyalari asosida amalga oshirilishi belgilangan.

Ayni paytda mamlakatimiz bo‘ylab, “Kim Vatanga sodiq bo‘lsa, mendirman o‘sha!” degan ustuvor g‘oya ostida vatanparvarlik oyligi tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.

Gulnoza BOBOEVA,O‘zA