O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligining Toshkent viloyatida joylashgan harbiy qismida zamonaviy infratuzilmaga ega yangi o‘quv binosi foydalanishga topshirildi.
Ochilish tadbirida O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Shuhrat Halmuhamedov, O‘zbekiston Qahramoni Saidali Rahmonov, “OKMK” AJ rahbariyati, Olmaliq shahar hokimligi hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

So‘zga chiqqanlar yig‘ilganlarni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi bilan samimiy tabriklab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni tomonidan mamlakatimiz mudofaa salohiyatini mustahkamlash, harbiy xizmatchilarning jangovar xizmat faoliyatini samarali olib borishi uchun qulay sharoitlar yaratish hamda ularning ijtimoiy himoyasini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Shundan so‘ng, mudofaa vaziri mazkur binoni qurish va ta’mirlash ishlarida yaqindan ko‘mak bergan “OKMK” AJ rahbariyatiga minnatdorlik bildirib, harbiy qism shaxsiy tarkibi uchun yangi xizmat avtomobillari kalitlarini topshirdi. Tadbir ishtirokchilari yangi o‘quv binosida harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan sharoitlar va qulayliklar bilan yaqindan tanishdi.


Qayd etish lozim, mazkur uch qavatli bino “OKMK” AJ homiyligida barpo etilgan bo‘lib, undagi 50 ga yaqin xonalarda jangovar hamda ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik sinflari, kutubxona, IT xonasi, ruhiy zo‘riqishni bartaraf etish hamda xizmat xonalari zamon talablari asosida tashkil etilib, eng so‘ngi jihozlar bilan ta’minlangan.
A.Musayev, O‘zA.