Poytaxtimizdagi Markaziy ko‘rgazmalar zalida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Milliy armiya — ona yurt qalqoni, tinchligimiz va osoyishtaligimiz posboni” nomli badiiy ko‘rgazma ochildi.
Ko‘rgazmada O‘zbekiston rassomlarining rangtasvir va grafika yo‘nalishidagi asarlari namoyish etilib, ularda xalqimiz tarixida munosib o‘rin egallagan buyuk sarkardalar: Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Jaloliddin Manguberdi, Spitamen, shuningdek, jadidlar harakati namoyandalari: Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosirlarning jasorat, fidoyilik va yuksak vatanparvarlik ruhi badiiy talqin etilgan.

Tadbirda qayd etilganidek, mazkur asarlar orqali tomoshabinlar O‘zbekiston hamda Markaziy Osiyo tarixining muhim sahifalariga nazar tashlab, vatan ozodligi va tinchligi yo‘lida xizmat qilish sharafli burch ekanini yana bir bor anglaydi. Zero, jamiyatning har bir a’zosi Vatan himoyasi va ravnaqi yo‘lida mas’uldir.

Ko‘rgazma ekspozitsiyasida Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi hamda Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyi fondlaridan olingan nodir asarlar ham o‘rin olgan.

Mazkur badiiy ko‘rgazma joriy yilning 30 yanvariga qadar davom etadi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA