14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 34 yilligi munosabati bilan Guliston tumanida keng ko‘lamli madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Bayram tadbirida tuman tashkilotlari rahbarlari, nuroniylar, harbiy xizmatchilar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Tadbirni ochar ekan, Guliston tumani hokimi Olimjon Jo‘rayev barchani ushbu qutlug‘ sana bilan samimiy muborakbod etib, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida fidokorona xizmat qilayotgan Vatan himoyachilariga chuqur minnatdorlik bildirdi. Harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligi, sadoqati va mas’uliyati har doim davlat va jamiyat e’tiborida ekanini ta’kidladi. Tadbir davomida bir guruh harbiy xizmatchilar va faxriylarga esdalik sovg‘alar topshirildi.

Taqdirlanganlar orasida Qurolli Kuchlar faxriysi, zaxiradagi podpolkovnik Bahromjon Islomov ham bo‘lib, u bildirgan samimiy minnatdorchilik so‘zlari tadbirga alohida ma’naviy ruh bag‘ishladi:
– Bugun biz, harbiy faxriylar uchun ko‘rsatilayotgan e’tibor — xizmatimizga berilgan yuksak bahodir. Yosh avlodning harbiy sahna ko‘rinishlaridagi chiqishlarini ko‘rib, Vatan himoyasiga bo‘lgan muhabbat va mas’uliyatning davomiyligini his qildim. Bu esa yurtimiz kelajagi ishonchli qo‘llarda ekanidan dalolatdir.
Tuman Madaniyat markazi tomonidan tayyorlangan bayram dasturi tomoshabinlarga unutilmas taassurotlar ulashdi. Yangragan kuy-qo‘shiqlar, sahna ko‘rinishlari hamda bolajonlar tomonidan namoyish etilgan harbiy chiqishlar tadbirga o‘zgacha joziba bag‘ishladi. Ayniqsa, yoshlar va maktab o‘quvchilari ishtirokidagi harbiy sahna ko‘rinishlari, aniq harakatlar tomoshabinlarni hayratga soldi.

Tadbir davomida o‘tgan yillarda vatan himoyachilari tomonidan amalga oshirilgan fidokorona ishlar esga olinib, yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat, harbiy kasbga hurmat va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri