O‘zbekiston Respublikasining 1993 yil 29 dekabrda qabul qilingan “Vatan himoyachilari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonuniga binoan mamlakatimizda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni milliy bayram sifatida katta tantana bilan nishonlash o‘ziga xos an’anaga aylangan.
Guliston shahrida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 29 yilligi 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda Sirdaryo viloyati hokimligi, sektorlar rahbarlari, harbiylar, prokuratura, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar xodimlari, baynalmilalchi jangchilar, xizmat vaqtida halok bo‘lgan harbiylarning oila a’zolari, front orti mehnat faxriylari, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Bayram tadbiri Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev tomonidan Prezidentimizning tabrigini o‘qib eshittirishi bilan boshlandi.
Ona Vatan tinchligini saqlash, uning tuprog‘ini ko‘zimizga surish, uni himoya qilish shu Vatanda yashab ulg‘ayayotgan har bir insonning muqaddas burchidir, deyilgan tabrikda.
– Barchangizni xalqimiz, davlatimiz, ona yurtimiz hayotidagi g‘oyat muhim va qutlug‘ voqea – “Vatan himoyachilari kuni” va Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganligining 29 yilligi bayrami bilan samimiy tabriklayman. Har bir bayramning o‘ziga xos shukuhi, o‘ziga xos ta’siri bo‘ladi. Ammo “Vatan himoyachilari kuni” bayrami bizning hayotimizda alohida o‘rin tutadi, – dedi Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev tabrik nutqida.
So‘ngra tadbirga yig‘ilganlar “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambar qo‘ydilar.
Ofitser, serjant va askarlarning orkestr sadolari ostidagi harbiy paradi va qurol-yaroq hamda harbiy texnikalar namoyishi bayram ishtirokchilarida juda katta taassurot qoldirdi.
Vatan himoyachilari kuni bayrami halqimizga katta quvonch va mamnuniyat baxsh etish bilan birga, mustaqillik va tinchlik degan bebaho boyligimizni asrash, ertangi kunga ishonch tuyg‘usi bilan yashashga undaydi. Mard va jasur Vatanimiz himoyachilari o‘z qasamyodiga sodiq qolib, o‘z xizmat burchini sharaf bilan ado etar ekan, ushbu yurt tinch va obod bo‘laveradi.
Barchamizni bugungidek tinch, xotirjam hayotimiz Qurolli Kuchlarimiz tomonidan ishonchli tarzda himoya qilinmoqdaki, mana shunday ma’suliyatli burchini sitqidildan ado etayotgan, taraqqiyotimiz barqarorligiga kamarbasta bo‘layotgan o‘g‘lonlarimizni qancha e’zozlasak, ko‘kka ko‘tarsak arziydi.
Prezidentimizning farmoni bilan viloyat favqulodda vaziyatlar qutqaruvchi-g‘avvosi Yo‘lchi Ayxunbayev “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangan edi, shu tadbirda viloyat hokimi unga ushbu medalni tantanali ravishda topshirdi.
Shuningdek, Qurolli Kuchlarimiz safida qonun ustuvorligini ta’minlashda alohida xizmat namunasini ko‘rsatgan, o‘zlariga yuklatilgan vazifalarini sitqidildan, a’lo darajada bajarib kelayotgan bir guruh harbiy xizmatchilar viloyat hokimining faxriy yorlig‘i va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ne’matlar ichida eng buyugi, ardoqlisi tichlikdir. Ana shunday tinch va osmoni musaffo zaminda yashayotgan hamda uning sarhadlarini munosib qo‘riqlayotgan harbiylarimiz ham mana shunday e’tibordan ruhlanib, ozod va obod yurtimizning porloq kelajagi yo‘lida bor kuch-g‘ayratlarini safarbar etishlari shubhasizdir.
Bayram munosabati bilan respublika va viloyat san’atkorlarining namoyish etilgan konsert dasturi yig‘ilganlarga xush kayfiyat ulashdi.
Tadbirda Sirdlaryo viloyati hokimi G‘.Mirzayev so‘zga chiqdi.
A.QAYUMOV, F.TOSHMATOV (surat), O‘zA