“Vatanparvarlik oyligi” doirasida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberial-demokratik partiyasi Sirdaryo viloyati va Sayxunobod tuman kengashlari, tuman hokimligi, mudofaa ishlari bo‘limi va boshqa hamkor tashkilotlar hamkorligida “Kim Vatanga sodiq bo‘lsa – mendurman o‘sha!” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Shu mnosabat bilan tashkil etilgan bayram tadbirida Sirdaryo viloyatidagi 525-BMPR, maxsus operatsiyalarni bajaruvchi batalon bo‘linmasi, “n” harbiy qism hamda Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi harbiy xizmatchilari, shu tumanda istiqomat qiluvchi front orti mehnat faxriylari, baynalminalchi jangchilar hamda o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
Tuman hokimi Farrux O‘ktamjonov, tuman mudofaa bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Akrom Mo‘ydinov va boshqalar barcha yig‘ilganlarni Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy tabrikladi.
O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil topgan kun munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbirining birinchi qismida taklif etilgan harbiy xizmatchilar tomonidan ishtirokchilarga qurol-aslahalar ko‘rigi va qo‘l jang san’ati usullaridan ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi.
[gallery-766]
Tumandagi 8-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi yoshlarining bayram konsert dasturi tadbir ishtirokchilariga bayramona kayfiyat ulashdi.
Tadbirning ikkinchi qismi tuman markazidagi “Yoshlar xiyoboni”da davom etdi. Bu yerda harbiy texnikalar namoyishi, maxsus operatsiyalarni bajaruvchi batalon bo‘linmasi harbiy xizmatchilarining jangovar chiqishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Shuningdek, tadbirda yoshlar o‘rtasida tosh ko‘tarish, arqon tortish kabi musobaqalar tashkil etilib, g‘olib va sovrindorlar O‘zLiDeP tuman kengashi va Respublika Ma’naviyat-ma’rifat markazi tuman bo‘limi tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbir yakunida bayramga taklif qilingan harbiy xizmatchilar, front orti mehnat faxriylari va baynalminalchi jangchilarga Sayxunobod tumani hokimligi va O‘zLiDeP tuman kengashining esdalik sovg‘alari topshirildi.
Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Sayxunobod tumanida o‘tkazilgan bayram tadbiri yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
A.QAYUMOV, F.TOSHMATOV (surat), O‘zA