Allomalarning faraz qilishicha, insoniyat o‘zining tarixiy taraqqiyot bosqichlarida hali shunday kamolot darajasiga erishadiki, unda Vatan degan tushuncha ulkan ma’no va beqiyos ko‘lamga ega bo‘ladi.
Butun bir ona sayyora – Er shari har bir insonning tug‘ilib o‘sgan makoni, kindik qoni tomgan joy sifatida qadriyatga aylanadi.
Dini, millati va irqidan qat’i nazar, odam bolasi o‘zini g‘urur bilan yerlik atab, o‘zga sayyoraliklar bilan bo‘lib o‘tadigan sport musobaqalarida, san’at anjumanlarida Zamin sha’ni va nufuzini himoya qilib maydonga chiqadi, sahnaga ko‘tariladi...
To‘g‘ri, bu bir farazdir, biroq doim yaxshi niyatga tilakdosh bo‘lgan ma’qul.
Biz bugun Vatan deganda kurrai zaminning bir parchasini, jahon xaritasining muayyan jo‘g‘rofiy kenglikda joylashgan bir nuqtasini nazarda tutamiz. O‘zimiz tug‘ilib o‘sgan hudud, ajdodlarimizning xoki mangu qo‘nim topgan joyni ota makon, ona Vatan deb ardoqlashga odatlanganmiz.
Uning go‘zalliklarini, imkoniyatlarini ta’rifu tavsif etganda, yer sharidagi o‘zga iqlim, o‘zga manzaralar bilan qiyoslaymiz, ulug‘laymiz. Unga bo‘lgan adoqsiz muhabbatimiz, cheksiz sadoqatimizni ifoda etamiz.
Ammo... Ota-bobolarimizdan meros bu makonni og‘izni to‘ldirib, ovozni baralla qo‘yib, “Shu aziz yurt bizning Vatan”, deya baralla ayta boshlaganimizga ko‘p bo‘lgani yo‘q.
Mustabid tuzumning targ‘ibot mashinasi shu qadar ongimizni zaharlagan ediki, kimlardir biz uchun soxta tarixlar to‘qir, o‘ta buzib talqin qilingan o‘tmishimizdan uyalib, biz o‘z ulug‘larimizga hukm-xulosalar chiqarar edik.
Tilimiz, tariximiz, madaniyatimiz shu qadar soxtalashtirilgan, o‘zligimizdan shu qadar uzoqlashtirilgan edikki, ba’zi birovlar o‘zbekman deyish tugul, shu tilda gapirishni or bilardi.
Salkam bir yarim asr davom etgan istibdod zahmatlari, qullik iskanjasidan xaloslik – ro‘shnolik o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmadi.
Bil’aks, istiqlol uzoqni ko‘zlagan ulkan ziyolilarning shijoati, yurtimizda shakllangan qadim davlatchilik tajribasi, istiqlolga intilishning qudrati bilan qo‘lga kiritildi.
Yosh mustaqil davlatimizni oyoqqa qo‘ygungacha kechgan jarayonlar ham oson bo‘lgani yo‘q. O‘tgan vaqt mobaynida amalga oshirilgan ishlar ko‘lamini ko‘z oldingizga keltirsangiz, shu oz fursatning ma’no va mazmuni asrlarga tatigulik ekaniga amin bo‘lasiz.
So‘nggi to‘rt yilda muhtaram Prezidentimiz rahnamoliklarida armiyamiz salohiyati va jangovar qobiliyatini oshirish, uni zamonaviy qurol-aslaha bilan ta’minlash, qo‘shinlar tuzilmalari o‘rtasidagi yaqin hamkorlikni o‘rnatish, askar va ofitserlarni ma’naviy va ruhiy jihatdan kuchaytirish bo‘yicha kompleks ishlar bajarildi.
O‘tgan qisqa davrda harbiy tuzilmalarning tarkibi va vazifalari chuqur qayta ko‘rib chiqildi, qo‘shinlarni boshqarish tizimi takomillashtirildi, milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha o‘ta muhim loyihalar amalga oshirildi.
Mamlakatimiz tarixida muqaddam bo‘lmagan, mutlaqo yangi tizim – harbiy-ma’muriy sektorlar tashkil etildi. Ilgari armiya ishlariga aralashtirilmagan va ayro-ayro faoliyat ko‘rsatgan joylardagi davlat hokimiyati organlari endilikda mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlashda faol ishtirok etishmoqda.
Harbiy soha islohotlari bilan bog‘liq strategik maqsadlarga erishishning muhim huquqiy poydevori yaratildi, Qurolli Kuchlarimizning huquqiy maqomi ham aniq belgilab berildi.
Bosh qomusimizning tinchlik, osoyishtalik va barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiluvchi normalari bilan birga, “O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to‘g‘risida”gi, “Fuqaro muhofazasi to‘g‘risida”gi, “Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida”gi, “Mudofaa to‘g‘risida”gi, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezervidagi xizmat to‘g‘risida”gi “O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy faoliyati Konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonunlarda me’yoriy asoslar to‘liq qamrab olindi.
Yangi tahrirdagi “Mudofaa doktrinasi to‘g‘risida”gi, shuningdek, “Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘risida”gi, “Fuqarolarning jamoat tartibini saqlashdagi ishtiroki to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlar bilan bu muhim baza mustahkamlandi.
Bularning barchasi milliy manfaatlarimizga nisbatan vujudga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatar va tahdidlarga munosib javob berish zarurati bilan chambarchas bog‘liqdir.
Darhaqiqat juda tez o‘zgarayotgan, jahonning turli nuqtalarida mojarolar tobora avj olayotgan hozirgi murakkab sharoitda yurtimizda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash dolzarb va birlamchi vazifa bo‘lib qoladi.
Bu zamonda ko‘kdan ehson yomg‘iri kutib bo‘lmaganidek, chegaralarimiz ortidan ham nuqul xushxabar keladi, deb ko‘z tikish soddalikdan boshqa narsa emas. Zotan, talash-talash bo‘laverib, titig‘i chiqib ketgan dunyoni qayta taqsimlash, uning resurslariga egalik qilish, o‘z huzur-halovati uchun o‘zgalar mulkini o‘zlashtirish siyosati davom etar ekan, sarhadlarimiz daxlsizligiga nisbatan xavf va tahdidlar doim saqlanib qolaveradi.
Tan olib aytish kerakki, yutuq va imkoniyatlarimiz hammaning ham istagidagi ish bo‘layotgani yo‘q. Zafar quchgan damlarimiz hamma ham shodligimizga sheriklik qilishga shoshilmayapti. Aksincha, alamini ichiga yutib, tig‘ sanchishga payt poylab yurganlar ham bor. Ayrimlar, nafaqat siyosat, iqtisodiyot, balki ma’naviyat bobida ham bizga aql o‘rgatmoqchi bo‘ladilar. Shu yo‘l bilan g‘arazli niyatlarini singdirish, azaliy hayot tarzimiz, ruhiy dunyomiz, sharqona odob bilan yo‘g‘rilgan milliy mentalitetimizga yot g‘oya va qarashlarini joriy etish ilinjida o‘zlarini bizga yaqin olishga tirishadilar.
Vaholanki, buning kabi siyosiy kuchlar uchun do‘stona takalluf bor-yo‘g‘i – siyosiy nayrang. Vatanga beqiyos muhabbat, uning buguniga taqdirdoshlik, o‘tmishidan boxabarlik – chin vatanparvarlik namunasi aslida. Shuning uchun ham Vatan taqdiriga befarq bo‘lmaslik, ogohlikni bir daqiqa bo‘lsin qo‘ldan bermaslik, ma’naviy immunitetga ega bo‘lish barchamizning muqaddas burchimiz bo‘lishi lozim.
Zotan "Kishi qiyinchilik bilan qo‘lga kiritgan narsasini osonlik bilan berib qo‘ymaydi!" Binobarin, xalq yagona va muqaddas mulki – Vatanga bobolardan meros mulk deb emas, kelajak avlodga qaytarish sharti bilan o‘tmishdan olingan qarz deb qaraydi. Qarzni bus-butun qaytarish esa – farz!
Xudoyor MAMATOV,
yuridik fanlari doktori,
professor.
O‘zA