Markaziy Osiyoning besh davlati va AQSH ishtirokida tuzilgan C5+1 formati doirasida o‘tkazilayotgan navbatdagi sammit strategik hamkorlikning asosiy yo‘nalishlariga bag‘ishlanadi.

O‘zA muxbiri mazkur tarixiy anjuman oldidan Markaziy Osiyo va AQSH munosabati, sheriklikning hozirgi bosqichi va istiqboli xususida siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori Muxtor Nazirovning fikrlarini yozib oldi.
– Ma’lumotlarga qaraganda, anjuman asosiy mavzusi muhim mineral resurslar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish. Zero, Markaziy Osiyo AQSH milliy xavfsizligi va energiya sektoridagi “yashil” o‘tish jarayoni uchun zarur strategik materiallarga boy mintaqa hisoblanadi.
Ma’lumki, O‘zbekistonda volfram, litiy, germaniy kabi 14 turdagi noyob unsurlar konlarini aniqlagani haqida e’lon qilgan. Qozog‘iston dunyo miqyosida ishlab chiqarilayotgan uranning 39 foizini ta’minlamoqda. Tojikiston esa dunyo bo‘yicha surma ishlab chiqarishda 15 foiz miqdor bilan ikkinchi o‘rinni egallagan.
2024 yil fevral oyida AQSH C5+1 “Critical Minerals Dialogue” tashabbusini ilgari surdi. Ushbu mexanizm orqali geologik qidiruvni kuchaytirish, minerallarni qazib olish va qayta ishlashga investitsiya jalb qilish hamda Markaziy Osiyo resurslarini Xitoy va Rossiyadan mustaqil global ta’minot zanjiriga uyg‘unlashtirishni maqsad qilingan. Demak, sammit sog‘ida aniq investitsiya loyihalari va mineral ta’minot zanjirini vertikal integratsiya qilish masalasi muhokama qilinishi mumkin.

Energetika xavfsizligi ham muhim yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. AQSH va Markaziy Osiyo davlatlari qayta tiklanadigan energiya manbalariga asoslangan loyihalarni rivojlantirish va barqaror energetik o‘tishni ta’minlash ustida ishlamoqda. Vashington ushbu yo‘nalishdagi savdo va investitsiya uchun qulay muhit yaratish hamda energiya resurslarini eksport qilish maqsadida transport infratuzilmasini yangilashni qo‘llab-quvvatlash niyatida.
Qayd etish joiz, yaqinda AQSHning Markaziy va Janubiy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor va davlat kotibi o‘rinbosari Kristofer Landau O‘zbekiston va Qozog‘istonga safar qilgandi. Shu nuqtai nazardan sammit davomida iqtisodiy sheriklikni chuqurlashtirishga qaratilgan ikki va ko‘p tomonlama bitimlar imzolanishi kutilyapti.
Shuningdek, Vashington Rossiyani chetlab o‘tuvchi, Xitoyni Yevropa bilan Markaziy Osiyo, Kaspiy dengizi, Ozarbayjon va Gruziya orqali bog‘laydigan Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagini yaratish g‘oyasini faol qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu yo‘l mintaqaning infratuzilma va logistika jihatidan ahamiyatini yanada oshiradi.
Terrorizmga qarshi kurash va chegara xavfsizligini ta’minlash kabi an’anaviy xavfsizlik bilan bog‘liq mavzular ham kun tartibidan joy olsa, ajabmas. Bu masalalar 2023 yilgi sammitda ham muhokama qilingan. Afg‘onistondagi vaziyat muhokamasi ehtimoli ham yuqori.
Sammitda C5+1 platformasini Ozarbayjonni jalb etgan holda kengaytirish masalasi ham ko‘tarilishi kutilyapti. Bu mamlakat mintaqaviy bog‘lanish tizimida, ayniqsa, “O‘rta yo‘lak” (Middle Corridor) orqali muhim bog‘lovchi bo‘g‘in sifatida ko‘rilmoqda.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joiz, Tramp ma’muriyatining Markaziy Osiyoga e’tibori so‘nggi payt misli ko‘rilmagan darajada ortdi. Mutaxassislar fikricha, ayni holat Markaziy Osiyoning AQSH uchun strategik ahamiyati oshib borayotgani, xususan Xitoy va Rossiya bilan raqobat sharoitida mintaqa yangi geosiyosiy ustuvor yo‘nalishga aylanganini ko‘rsatadi.
O‘.Alimov tayyorladi.
O‘zA