Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov boshchiligidagi delegatsiyasi AQSHda bo‘lib turibdi.
Vakillarimiz safar davomida tog‘-kon sanoati, mehmonxona biznesi, oziq-ovqat sanoati kabi muhim sohalarda faoliyat yurituvchi yirik kompaniya, korporatsiya, sanoat birlashmalari rahbarlari bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazmoqda.
Korxonalarga samarali investitsiya takliflari, O‘zbekistonda biznes olib borish uchun yaratilgan shart-sharoit to‘g‘risida batafsil ma’lumot taqdim etilyapti. Mezbonlar respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho bermoqda. Shu bilan birga, mamlakatimizda ko‘p yillik tajribaga ega Amerika kompaniyalarining muvaffaqiyatli faoliyatidan kelib chiqib, hamkorlikni rivojlantirishga tayyorliklarini bildiryapti.

Hozirgacha tomonlar foydali qazilmalar sohasida hamkorlik buyicha kelishuv imzoladi. Shuningdek, foydali qazilma konlarini qidirish va qazib olishga investitsiya kiritish, yuqori darajada maydalash majmualarini qurish, innovatsion texnologiyani jalb etish, muhim xom ashyo uchun qo‘shilgan qiymat yaratish, o‘zbekistonlik mutaxassislar malakasini oshirish rejasi tuzib olindi. Qolaversa, turizm sohasida yangi loyihalar ilgari surilib, mehmonxonalar qurish muddatlari belgilandi.
Erishilgan kelishuvlar tegishli bitimlar bilan mustahkamlandi. Har bir tashabbus uchun mas’ul menejer tayinlandi.
G.Sattorova, O‘zA