Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vashingtonda Turkiy dunyo istiqbollari muhokama qilindi
15:18 / 2025-12-19

AQSH poytaxti Vashington shahrida “Heritage Foundation” tomonidan “Markaziy Osiyodan Qora dengizgacha: Turkiy dunyoning kelajagi” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) Bosh kotibi, elchi Kubanichbek O‘muraliyev ishtirok etib, ma’ruza qildi.

Seminar doirasida AQSHning yetakchi tahlil markazlari ekspertlari va tadqiqotchilari bilan keng qamrovli fikr almashuvi tashkil etildi. Unda Turkiy mintaqaning bugungi o‘rni va istiqboldagi rivojlanish yo‘nalishlari muhokama qilindi.

O‘z nutqida Bosh kotib TDTning tobora ortib borayotgan strategik ahamiyatiga alohida to‘xtalib, Tashkilot Markaziy Osiyodan Qora dengiz va O‘rta yer dengizigacha bo‘lgan ulkan geografik hududni qamrab olgan, to‘liq institutsionallashgan va natijadorlikka yo‘naltirilgan hukumatlararo tuzilmaga aylanganini ta’kidladi. Shuningdek, iqtisodiy rivojlanish, transport va logistika aloqadorligi, xavfsizlik hamda xalqlar o‘rtasidagi hamkorlik yo‘nalishlarida yaqinlashuv izchil kuchayib borayotgani qayd etildi.

Muzokaralar chog‘ida ishtirokchilar AQSH siyosatchilari va tahlil markazlarining Turkiy mintaqaga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini, shuningdek, Turkiy diasporaning global muammolarni muhokama etish va yechim topishdagi roli tobora kuchayib borayotganini e’tirof etdi. Ushbu omillar Amerika tomonining tahlillari va siyosiy qarorlarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.

Hamroz Bayanov, O‘zA