Amerika Qo‘shma Shtatlari poytaxti Vashington shahrida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov UL Standards & Engagement (ULSE) tashkiloti vitse-prezidenti Sonya Bird bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamda O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi ko‘magida tashkil etildi. Muzokaralar davomida standartlashtirish, sinov va sertifikatlashtirish sohalarida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, amaliy yo‘nalishlarda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar izchil rivojlanayotganini, iqtisodiy hamkorlik hamda qo‘shma investitsiya loyihalari ko‘lami kengayayotganini qayd etdi.

AQSH bozoriga chiqishda UL Standards & Engagement standartlari hamda UL Solutions tomonidan taqdim etiladigan sinov bayonnomalari va sertifikatlar muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan O‘zbekistonda elektrotexnika mahsulotlari, kabel, alyuminiy kompozit panellari, bazalt, antifriz, havo filtrlari, AUS32 turidagi mahsulotlar, yuqori kuchlanishli liniya simlari va vitrinali sovutgichlar ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan mazkur yo‘nalishga qiziqish ortib borayotgani alohida qayd etildi.
Shuningdek, malakali kadrlar tayyorlash, standartlashtirish, sinov va sertifikatlashtirish sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokamaning muhim qismi bo‘ldi.
Uchrashuv yakunida sanoat mahsulotlari standartlari, sinov va sertifikatlashtirish sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda hamkorlik dasturini imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
O‘zA