Isroil elchixonasining ikki xodimi chorshanba kuni kechqurun Vashingtondagi Poytaxt yahudiy muzeyi oldida o‘tkazilayotgan tadbir payti tasodifiy otishma tufayli halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda “Arab News” nashri.
Vashington politsiyasi boshlig‘i Pamela Smitning aytishicha, gumondorlar hibsga olingan.
– Gumonlanuvchilar hibsga olinayotgan payt “Ozod Falastin, ozod Falastin!” deya hayqirdi, - dedi u.
Isroil elchixonasi matbuot kotibi Tal Naim Koenning ma’lum qilishicha, ikki xodim yahudiylarning tadbirida qatnashayotgan vaqtida yaqin masofadan otib o‘ldirilgan.

AQSH prezidenti Donald Tramp ushbu “dahshatli” qotillikni qoraladi.
– Vashingtondagi bu qotillikka aniq antisemitizm sabab bo‘lib, darhol to‘xtatilishi kerak! — deb yozdi u o‘zining “Truth Social” platformasida. – Qo‘shma Shtatlarda nafrat va radikalizmga o‘rin yo‘q.
Isroilning BMTdagi elchisi Denni Danon otishmani “antisemit terrorizmning jirkanch harakati” deb atadi.
– Yahudiy jamiyatiga zarar yetkazish qizil chiziqni kesib o‘tmoqda, - dedi Danon “X”dagi o‘z postida. – Biz AQSH rasmiylarini ushbu jinoiy harakat uchun qat’iy choralar ko‘rishga chaqiramiz.
Voqea sodir bo‘lgan joyda Bosh prokuror Pem Bondi va AQSHning Kolumbiya okrugi prokurori Janin Pirro ham bo‘lganligi aytilmoqda.
Poytaxt ichki ishlar boshqarmasi tez orada matbuot anjumani o‘tkazilishini aytib, qotillik bo‘yicha izoh berishdan bosh tortdi.
M.Pirmatova, O‘zA