Islohotlar hamisha insoniyat uchun xizmat qilishi bot-bot ta’kidlanadi. Ammo amalga oshirilayotgan tashabbuslar ortidagi mehnatlar e’tirof etilsa, bu istiqbolli kelajakka bo‘lgan ishonchni yanada orttiradi. Sir emaski, yurtimizda ta’limni isloh qilish yo‘lida tinimsiz izlanishlar va amaliy harakatlar olib borilmoqda. Quvonarlisi, mehnatlar besamar ketmayapti.
Xalqaro ta’lim ma’murlari uyushmasining (AIEA) nufuzli yillik konferensiyasi o‘z ishini boshladi.
AQSHning Vashington shahrida bo‘lib o‘tayotgan ushbu nufuzli konferensiyaning tantanali ochilish marosimida AIEA prezidenti, fan doktori hamda Garvard universiteti bitiruvchisi Paulo Zagalo-Melo dasturiy nutqida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab, innovatsion ta’lim ekotizimlarini shakllantirishda AIEA platformasining o‘rni muhim ekanini alohida ta’kidladi.

Quvonarlisi shundaki, nutq davomida O‘zbekiston Respublikasiga ham alohida e’tibor qaratilib, Paulo Zagalo-Melo mamlakatimizda ta’lim tizimini transformatsiya qilishga qaratilgan strategik tashabbuslar hamda uning jahon akademik hamjamiyatiga faol integratsiyalashuvini qo‘llab-quvvatlab, O‘zbekiston ta’lim muassasalarining xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.

Ta’kidlash joizki, ushbu yuqori darajadagi e’tirof O‘zbekistonda ta’lim sohasini modernizatsiya qilish borasida olib borilayotgan islohotlarning xalqaro miqyosda ham tan olinayotganini yana bir bor tasdiqladi.
Shuni aytish kerakki, mazkur e’tirof ilg‘or xorijiy tajribalarni jalb qilish va yangi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish uchun muhim imkoniyatlar yaratadi.
Sherbek Islomov, O‘zA