Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vashington sammiti: “Markaziy Osiyo – AQSH”hamkorligining yangi istiqboli
19:04 / 2025-11-06

-

Vashington shahrida “Markaziy Osiyo – AQSH” ikkinchi sammiti o‘tkazilishi mintaqa davlatlari va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi strategik muloqotni mustahkamlovchi muhim voqea ekani shubhasiz. Global fuqarolik va siyosiy strategiyalar markazi (Center for Global Civic and Political Strategies) prezidenti Nurul Rahimbek O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA)ga bergan intervyusida ta’kidlashicha, okean orti siyosiy va ekspert doiralarida mintaqamizga qiziqish yil sayin ortmoqda.

Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanishning yangi yo‘nalishlari

Mutaxassis qayd qilishicha, sammit AQSH global siyosatida Markaziy Osiyoning mavqei tobora oshayotganini ko‘rsatadi.

– Hatto, “Caspian Policy Center” singari tahlil markazlari va ekspertlar hamjamiyati ushbu mavzuni faol muhokama qilayotgani ham mintaqaning Qo‘shma Shtatlar strategiyasida tobora kuchli e’tibor qozonayotganidan dalolat, – deydi tahlilchi. – Ayni payt muhokama markazida iqtisodiy, ayniqsa energetika va transport infratuzilmasini rivojlantirish masalalari turibdi. Bu yerda gap muhim resurslar – neft, gaz, mineral zaxira haqida ketmoqda. Bu Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari intilayotgan iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash strategiyasiga to‘liq mos keladi.

Xavfsizlik, texnologiya va inson kapitali

Rahimbek ta’kidlashicha, sheriklik doirasida mintaqaviy xavfsizlik va raqamli taraqqiyot masalalariga ham alohida e’tibor qaratilyapti.

– Markaziy Osiyo mamlakatlari nafaqat xalqaro hamkorlik, balki ichki aloqalarni ham mustahkamlashi juda muhim, – deya fikrini davom ettirdi tahlilchi. – Bu mustaqil qaror qabul qilish uchun zamin yaratadi, iqtisodiyotlar barqarorligi va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Ekspert umumiy sa’y-harakatlarning salmoqli қисмитехнологик rivojlanish va ta’lim sohasiga yo‘naltirilishini ham ta’kidladi:

– Amerika innovatsiya borasida jahon yetakchisi bo‘lib qolmoqda. Bilim almashish, mutaxassis tayyorlash, raqamli texnologiyani rivojlantirish – bularning bari mintaqa uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

O‘zbekiston – Markaziy Osiyoni jipslashtirayotgan lokomotiv

– O‘zbekiston – ulkan bozor, tez sur’at bilan rivojlanayotgan iqtisodiyot, kuchli inson salohiyatiga ega davlat, – deydi Markaz rahbari mamlakatimizning mintaqani birlashtirish jarayonidagi o‘rni haqidagi savolga javob berarkan. – Aytish mumkinki, bugun Toshkent mintaqaviy hamkorlikning o‘ziga xos harakatlantiruvchi kuchiga aylangan.

Nurul Rahimbek 2017 yil Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam maslahatlashuv uchrashuvlarini o‘tkazish g‘oyasini ilgari surganini eslab, bu g‘oya ishonch va o‘zaro tushunishning yangi bosqichiga asos bo‘lganiga e’tibor qaratdi:

– Prezident Mirziyoyev BMT sessiyasi doirasida samimiy kutib olindi. Bu O‘zbekistonning yuksak xalqaro nufuzini ko‘rsatadi. Uning Donald Tramp bilan uchrashuvi AQSHning mamlakatga va umuman mintaqaga qiziqishi ortib borayotgani ramziga aylandi.

O‘zbekistondagi islohotlar va AQSH bilan strategik sheriklik

Tahlilchi fikricha, respublikamizdagi islohotlar sur’ati yuqori bahoga loyiq.

– Islohotlar tez va izchil amalga oshirilmoqda, – deya xulosa qildi ekspert. – Ta’kidlash joiz, bir paytlar odamlarni tashvishga solgan masalalar, masalan mehnat huquqi yoki paxta sohasi Prezidentimiz tashabbusi bilan muvaffaqiyatli hal etildi. Natijada mamlakatga nisbatan ishonch mustahkamlandi, AQSH bilan strategik hamkorlikka yo‘l ochildi. Bugungi kunda mutaxassislar almashinuvi va ilmiy hamkorlikdan tortib, energetika, transport va raqamlashtirish sohalarida qo‘shma loyihalar amalga oshirishgacha keng imkoniyatlar yaratilgan. O‘zbekiston esa ayni jarayonda yetakchi o‘rin egallab, Markaziy Osiyo bilan hamkorlikning g‘arbiy yo‘nalishini mustahkamlashda asosiy bo‘g‘inga aylanishga qodir.

Abduaziz Xidirov tayyorladi. O‘zA