Vashington Abbosning AQSHga ishonchsizlik bildirganidan g‘azablandi
Amerika ma’muriyati vakillari Falastin rahbari Mahmud Abbosning Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan Ostonada bo‘lib o‘tgan uchrashuvi chog‘ida Falastinning Qo‘shma Shtatlarga nisbatan ishonchsizligi va Vashingtonning Arab-Isroil tinchlik jarayoni bilan faqat o‘zi shug‘ullanishini qabul qilib bo‘lmasligi haqidagi so‘zlaridan “g‘azabga keldi”. Bu haqda “Axios” o‘z manbasiga tayanib xabar berdi.
Bayonotga ko‘ra, Bayden ma’muriyatidagi amaldorlar ham o‘z noroziligini Abbos maslahatchilari e’tiboriga havola qilgan.
“Abbosning Putinga aytgan so‘zlari bizni qattiq xafa qildi. Vashington Rossiyani Falastin tomoni bilan kelishuvda yordam berishi kerak bo‘lgan hamkor, deb hisoblamaydi. AQSH bir necha o‘n yilliklar davomida muammoga samarali yechim topish, Yaqin Sharqda barqarorlik va farovonlikni ta’minlash uchun zarur bo‘lgan mustahkam tinchlik yo‘lida ishlashga sodiqligini namoyish etdi”, deyiladi xabarda.
O‘zA