Kecha, 30 dekabr kuni tunda Polsha poytaxti Varshava shahrida blits shaxmat bo‘yicha jahon chempionatining murosasiz bashlari yakunlanib, g‘olib va sovrindorlar nomi ma’lum bo‘ldi.
Xabar berganimizdek, 12-tur natijasiga ko‘ra, asli armanistonlik, hozirda AQSH bayrog‘i ostida musobaqalarda ishtirok etayotgan Levon Aronyan 10 ochko bilan peshqadamlik qilayotgandi. Undan keyingi o‘rinlarni 9,5 ochko bilan misrlik Amin Bassem va 9 ochko bilan eronlik Parxam Maqsudli egallab turishgandi. Hamyurtimiz Javohir Sindorov esa 8,5 ochko evaziga musobaqada 5-pog‘onada borayotgandi.
Ammo 30 dekabrdagi 13-tur uchrashuvlari yetkachilar safini ostin-ustun qilib yubordi. Shiddatli o‘tgan o‘yinlar so‘nggida fratsiyalik Maksim Vashe-Lagrav 15 ochkoga ega bo‘lgan holda chempionlikka erishdi. Xuddi shunday ochkolarga ega bo‘lgan polshalik Yan Kshishtof Duda va asli eronlik hozirda Fransiya fuqarosi bo‘lgan Alireza Firuzdja keyingi qatorlardan joy olishdi.
Hamyurtimiz Javohir Sindorov 13,5 ochko bilan 8-o‘rinda chempionatni yakunladi. 12-turgacha jahon chempionatida yetakchilik qilgan Levon Aronyan esa 14 ochko bilan 5-pag‘onada Varshava bahslari bilan xayrlashdi.
Ayollar o‘rtasidagi musobaqalarda bo‘lsa, blits yo‘nalishida qozog‘istonlik 17 yoshli Bibisara Asaubayeva 14 ochko bilan rossiyalik 3 nafar ta’qibchisi bo‘lgan Valentina Gunina, Aleksandra Kostenyuk va Polina Shuvalovani ortda qoldirib, jahon chempionligini qo‘lga kiritdi.
Aytish lozimki, blits bahslarida qatnashgan iste’dodli shaxmatchilarimiz Nodirbek Abdusattorov va Shamsiddin Vohidov 12 ochko bilan 46-47-o‘rinlarda musobaqani yakunlagan bo‘lsa, Jahongir Vohidov 179 nafar ishtirokchi orasida 10,5 ochko evaziga 90-qatordan joy oldi.
Ahamiyatlisi, poyoniga yetib borayotgan 2021 yil mamlakatimiz shaxmatchilari uchun omadli keldi. Nodirbek Abdusattorov Varshavada o‘tgan jahon chempionatida tezkor shaxmat(rapid) bo‘yicha jahon chempionligiga erishib, mamlakatimiz sport tarixining yangi zarvarag‘ini ochishi O‘zbekiston yoshlarining dunyo hamjamiyatidagi intellektual salohiyati ne chog‘li yuksak ekanligini yana bir karra nomoyish etdi.
Bu esa, tarixi buyuk xalqimizning kelajagi ham nurliligidan dalolat. Bu, Nodirbegu Javohirlarning tafakkur olamida aks etib turibdi. Shunday emasmi?
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA