Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Varshava menejment universiteti Andijon filiali hamkorlik ko‘lamini kengaytirmoqda
17:48 / 2023-05-02

Asaka shahrida faoliyat olib borayotgan "Collegium Humanum" Varshava menejment universitetining Andijon filiali tomonidan viloyatdagi qator tashkilot va oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolandi.

Tadbirda viloyatdagi bosma va elektron ommaviy axborot vositalari vakillari, davlat, nodavlat tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlari, universitet filiali mutasaddilari, hamkor va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Unda ishtirokchilarga universitet faoliyati, mazkur nodavlat oliy o‘quv yurtidagi ta’lim yo‘nalishlari, talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar xususida ma’lumotlar berildi.

Shundan so‘ng Andijonga tashrif buyurgan Varshava menejment universiteti rektori, professor Pavel Charnetskiy hamda universitet kansleri Mixail Glachinski bilan muloqot o‘tkazildi. Muloqot jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanayotgan, global voqealar, o‘zgarishlar, hamkorlik jarayonlari hayotimizga tez kirib borayotgan bugungi kunda hamkorlik ko‘lamini kengaytirish barcha uchun foydali ekanligi alohida ta’kidlandi.

– Ta’lim sifatini oshirish, malakali kadrlar tayyorlash borasida hamkorlikni kengaytirish faoliyatimiz samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi-yangi imkoniyatlar eshigini ochadi, – deydi Varshava menejment universiteti rektori, professor Pavel Charnetskiy. – Ana shu maqsadda viloyatdagi qator tashkilotlar hamda oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirdik. Ishonamanki, ushbu hamkorlik barchamiz uchun faqat foydali bo‘ladi.

Tadbir doirasida Varshava menejment universiteti hamda Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi, Andijon viloyati ma’muriy sudi, Andijon viloyati Pedagog xodimlar malakasini oshirish markazi, Andijon davlat universiteti, Andijon mashinasozlik, Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalari, Andijon davlat pedagogika, Andijon iqtisodiyot va qurilish institutlari, “Ipak yo‘li” Innovatsion aksionerlik tijorat banki o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.  

Mazkur memorandumlar doirasida kelgusida Varshava menejment universitetida sud, turizm, bank sohalarida mutaxassislar tayyorlash, oliy o‘quv yurtlari bilan qo‘shma dasturlarni amalga oshirish, o‘qituvchilar va talabalarning malaka oshirish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 14 apreldagi “Collegium Humanum” Varshava menejment universitetining Andijon filialini tashkil etish to‘g‘risida” gi qaroriga asosan tashkil etilgan universitetda hozirgi kunda moliya va buxgalteriya hisobi, transport va logistika menejmenti, xalqaro biznes va marketing, turizm, mehmonxona ishi va umumiy ovqatlanishda menejment va marketing, inson resurslarini boshqarish, kichik va o‘rta biznesni boshqarish, marketing va savdo-sotiq menejmenti, BRAND menejmenti singari 10 dan ortiq bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha talabalar tahsil olmoqda. Ularning O‘zbekiston va Yevropa ta’lim standartlari asosida o‘qib, bilim olishi uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. Bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha uch yil davom etadigan o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagan talabaga Polsha oliy ta’lim vazirligi tomonidan oliy ma’lumotli mutaxassis sifatida diplom beriladi.  

[gallery-11707]

Universitet filialida darslar va mashg‘ulotlar yurtimizdagi hamda xorijiy mamlakatlardan taklif etilgan tajribali professor-o‘qituvchilar tomonidan olib boriladi. Yakunda Varshava menejment universiteti rektori, professor Pavel Charnetskiy, hamkor tashkilotlar vakillari, tadbir qatnashchilari ishtirokida universitet talabalari bilan muloqot o‘tkazildi.  

F. Ubaydullayev,

Z. Umrzoqov (surat), O‘zA