Andijon shahrida “Variativ ta’lim – individual imkoniyatlarni kengaytirishning samarali yo‘li” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan o‘qitish sifatini yanada oshirish, ilg‘or pedagogik tajribalarni ommalashtirish maqsadida Jalaquduq tumanidagi 25-umumta’lim maktabida tashkil etilgan tadbirda viloyatda variativ o‘quv dasturi asosida ta’lim berilayotgan 42 ta maktabning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari hamda yetakchi o‘qituvchilar ishtirok etdi.


Seminar davomida variativ ta’limni joriy etish tajribasi, o‘quv jarayonida individual yondashuvni qo‘llash, o‘quvchilar qobiliyatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi, ochiq mashg‘ulotlar va amaliy tajribalar taqdim etildi.
– Variativ o‘quv dasturini joriy etishdan maqsad, o‘quvchilarning o‘zi qiziqqan fanlarni chuqur o‘rganishiga sharoit yaratishdan iborat, – deydi Andijon viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Ismoil Mirzayev. – Qolaversa, maktab bitiruvchilarining oliy o‘quv yurti kirish imtihoniga tayyorgarlik ko‘rishiga ko‘maklashish, yuqori sinflarda o‘quv jarayonini kasblarga yo‘naltirilgan holda tashkil etishga qaratilgan.


Seminarda viloyat umumta’lim maktablarida mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar, ularni samarali tashkil etish tajribasi, erishilayotgan natijalar hamda mavjud muammolar atroflicha tahlil qilindi.
Tadbir davomida o‘quv jarayoni bilan tanishildi, mutaxassislarning fikr-mulohazalari tinglandi. Ishtirokchilarga nazariy bilimlarni amaliyotga tatbiq etish, darslarda innovatsion pedagogik uslublardan samarali foydalanish, ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha amaliy taklif va tavsiyalar berildi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari