Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vaqtga Bokuda qo‘yilgan haykal
11:49 / 2024-03-06

O‘zbekiston Xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning “Vaqt haykali” kitobi Bokuda ozarbayjon tilida nashr etildi

“Vaqtga haykal qo‘ymoq payti ham yetdi!” – ushbu satr shoirning 1984-yili yozilgan “Saksoninchi yillar” dostonidan olingan. Vaqt degan ulug‘ ne’matni qadrlash, uni yelga sovurishdan saqlanmoq, asl haqiqatlarga bag‘ishlamoq – vaqtga haykal qo‘yish deganda Sirojiddin Sayyid ana shu teran mohiyatni nazarda tutadi.  

Hayot!  

Ko‘zlaringni mendan yashirma!  

Hayot!  

Dardlarimga o‘zing ber hayot!  

Sen o‘zing dunyoda eng buyuk baxtsan,  

Sen o‘zing dunyoda eng buyuk faryod.

 Shoir ana shu eng buyuk baxt va eng buyuk faryod bo‘lgan hayot falsafasini o‘ziga xos talqin etadi. Uningcha, hayot Hazrat Navoiy kuylagan azob, Ustoz G‘afur G‘ulom e’zozlagan ezgu dard. Zero, haqiqiy she’r ana shu azob va ezgu dard hosilasi.  

Vaqtga ijodkor qo‘yajak haykal “Foniy hasrat emas – Oliy orzudan, O‘tkinchi g‘am emas – Yuksak ishonchdan” qurilmog‘i zarur. Tug‘yondan, vijdondan, giyohdan, tongdan, shabnamdan, qasamdan, sevgi, quvonchdan bunyod etilmog‘i kerak bu haykal.  

Haqiqiy shoir faqat o‘zinigina o‘ylay olmaydi. Uning yuragini millat dardi, bashariyat dardi o‘rtaydi. U hazrat Navoiy bo‘lib, Astrobodga surgun etiladi, Sobir Termiziy bo‘lib suvga g‘arq qilinadi. Zamondan quyun yanglig‘ o‘tib, “Boburnoma” bo‘lib bitiladi. Dunyoda kechayotgan urush-taloshlar, zulm-o‘ldirishlar, talon-torojlar uning ham qalbini iztirobga soladi, ruhini cho‘ktiradi.  

Afg‘oniston qumlarida askarlar yiqilganda U ham yozuv stolida so‘zsiz yaralanadi. Jenevadagi tinchlik shartnomalari cho‘zilganda, uni tahlikaga solgan muddatlar ham uzayadi. Nikaraguada, Bayrutda yuz bergan vayrongarchilik va qotilliklardan daftariga qonlar sachraydi, samolarda jon bergan Muin Bsisu hasrati uning ham ko‘ngliga mung soladi. Ona ko‘zyoshlaridan dunyo ko‘zyoshlarining mohiyatini anglaydi. Inson dard bilan buyuk ekanini his etadi. Butun dunyo vijdonlarini birlashmoqqa chorlaydi.  

 Doston mana bunday xulosalanadi:  

Mening ko‘z oldimda Vaqt turar faqat –  

Butun Insoniyat shaklidagi Vaqt.

 Vaqtni insoniyat shaklida tasavvur etish, his etish uchun haqiqiy shoirona qalb zarur, yurakda cho‘ng dard bo‘lmog‘i kerak. Sirojiddin Sayyid ana shunday zalvorni yelkasiga olgan ijodkor. Shu bois turli millat shoirlari uning asarlarini o‘z tillariga tarjima qilmoqqa ehtiyoj sezayotir. She’rlari qardosh o‘lkalarda ham sevib o‘qilmoqda.

“Vaqt haykali” kitobini ozarbayjon tiliga mashhur “O‘zbek kelayotir!” she’ri muallifi Akif Azalp tarjima qilgan. Bu nashr faqat Sirojiddin Sayyidninggina emas, o‘zbek she’riyatining ham yutug‘i, o‘zbek-ozarbayjon adabiy aloqalari rivojlanayotgani dalilidir. Kitobdan shoirning eng sara she’rlari va dostonlari o‘rin olgan.  

 Yangi kitob barchamizga qutlug‘ bo‘lsin!  

Adabiyotsevar dillarni, qardosh va qondosh ellarni bir-biriga bog‘laydigan, do‘stlik va ezgulik ko‘prigini mustahkamlashga xizmat qiladigan kitob bo‘lmog‘ini tilaymiz.  

 Nurboy Jabborov,  

adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori