Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Vaqt soyasi”da jamlangan ijod
18:48 / 2025-09-19

Yangi kitob

Shunday so‘zlar bo‘ladiki, uning sehri dardmanga malham, baxtsizga saodat, ilmsizga donolik, umidsizga nur bag‘ishlaydi. Uni qo‘llash mahoratini dildan his etib, o‘zgalar qalbiga yetkaza olish esa chinakam mahoratdir. Donolarimiz adabiyotni adab va tarbiya yo‘li ekanini hamisha ta’kidlab keladi. Boisi unda taqdirlarga tatigulik hikmat, ibratlarga arzigulik ijod mujassam. So‘zlarni qofiyaga sola olish iste’dod emas, unda aynan hikmatni jamlash go‘zal ishdir. 

Ijodkor ko‘nglini nega nozik sanashadi, bilasizmi? Chunki u insonning eng nozik tuyg‘ularini ham o‘zi bilan olib yuradiki, uni o‘zida his etib, kezi kelganda mahorat bilan yetkazish umidida. Ana shunday tuyg‘ular sohibi Usta Ochil Hazratning noodatiy uslub, o‘ynoqi ohang va kutilmagan tilsimotni namoyon etuvchi yana bir ijod namunalari jamlangan kitobi nashrdan chiqdi. 

Inson nimadan eng ko‘p aziyat chekadi, nimadan taskin topadi va nima uning dardlariga davo bo‘ladi? Bu biz sezmay sarflayotgan vaqt! Uning soyasida ekanligimizni, naqadar ojizligimizni o‘zimiz anglamaymiz. Buni chuqur anglagan ijodkor o‘z kitobiga “Vaqt soyasi” nomini berdi. Bu orqali esa, insoniyatni ogohlikka chorlashni istagandek go‘yo. 

Mukammallik emas 

Bo‘shliq yakuni, 

Tegirmonni to‘xtatolmas vaqt, 

Uchqur lahza silsilasida 

G‘aflat tekin 

Yukunar og‘u... deya yozadi kitobida Ochil Hazrat. 

Uning shu kabi ko‘ngil kechinmalari, qalb javhari bilan bitilgan ash’orlarni o‘qib, she’riyatning ohangi, so‘z san’atining naqadar jilvakorligiga yana bir karra amin bo‘lasiz. Shoir Ochil Hazratning tuyg‘ulariga, faqat uning o‘ziga xos bo‘lgan hissiyot-u kechinmalariga hamroh bo‘lishdek imkoniyatni taqdim etdi. Bu esa shoirning tanti, so‘z va ijodda saxiyligiga yana bir ishoradir. 

Indallosini aytganda, ikki yuzdan ortiq she’rlarini “Vaqt soyasi”da jamlagan shoirning kechinmalari uni o‘qigan kitobxondan avval ijodga va u orqali hayotga ma’naviy yuksaklik bilan boqishni talab etadi. 

Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA