“Vaqf” xayriya jamoat fondining asosiy vazifalari masjidlarni obodonlashtirish, unda xizmat ko‘rsatayotgan imom-xatib va noiblar, mutavalliyot va muazzinlarga moddiy-ma’naviy ko‘mak berish hamda aholi o‘rtasida muruvvat, saxovatlilik tuyg‘ularini yanada oshirishga ko‘maklashishdan iborat. Kam ta’minlangan, moddiy ko‘makka ehtiyoji bor oilalarga yordam berish ham ko‘zda tutilgan.
Fond axborot xizmati rahbari Saidabror Umarov ma’lumotiga ko‘ra, fond tomonidan 2023 yilning o‘tgan 9 oyi davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi masjidlarda faoliyat olib borayotgan imom-xatiblar, noib-imomlar, mutavallilar, muazzinlar va ziyoratgohlar xodimlari uchun 17 milliard 122 million so‘m , shundan, tibbiy muolaja, farzandlarining o‘quv shartnoma to‘lovlari, uyi yongan va boshqa zaruriy holatlar yuzasidan fondga murojaat qilgan masjidlar va fondga biriktirilgan ziyoratgohlar xodimlariga 560 million so‘m mablag‘ ajratilgan.
Mutaxassisga ko‘ra, umumiy hisobda fond tashkil topgandan bugunga qadar 111 milliard 751 million so‘mdan ziyod mablag‘ masjidlar va fondga biriktirilgan ziyoratgohlar xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida sarflangan bo‘lib, kelgusida bu yo‘nalishda yanada keng ko‘lamli xayriya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA