Valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan Z.B. jami 3 ming AQSH dollari va 44 ming qirg‘iz somini fuqaro A.A.ga 39,9 million so‘mga sotgan vaqtda Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Xo‘jaobod tumani bo‘limi xodimlari tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushlangan. Uning yonidan 3 ming 315 AQSH dollari hamda 48,5 ming qirg‘iz somi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Departamentning Chust tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan J.B. fuqaro G.R.ga jami 4 ming 200 AQSH dollarini 48,1 million so‘mga sotishga kelishib, shundan 2 ming AQSH dollarini bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Andijon shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan A.K. jami 3 ming 400 AQSH dollarini fuqaro A.D.ga 38,9 million so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushgan.
Departamentning Chinoz tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan J.M. jami 3,3 ming AQSH dollarini fuqaro M.A.ga 37,9 million so‘mga sotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departament matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
N.Abduraimova,
O‘zA