English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Valyuta muammosi: “Qora bozor”ga qachon barham beriladi?
17:41 / 2022-02-11

Xalqimizda bir gap bor: “Haqiqat osmonda, narvoni hamyonda”. Chindan, jamiyatimizdagi qaysiki muammoni ildizini qidirmang, biz koʻrmaslikka urinayotgan haqiqatlar koʻzga tashlanadi. Bugun mamlakatimiz bank-moliya tizimida oʻziga xos tarzda islohotlar amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, banklarimizda valyuta ayirboshlash tizimi tubdan yangilandi. Tezkorlik, shiddat hukm surgan hozirgi jamiyatimizda amalga oshirilayotgan ishlarning barchasi insonlar ehtiyojini toʻlaqonli taʼminlab bermoqda deya olmaymiz. Buni valyuta ayirboshlashda muammolarga uchrayotgan,bank tizimi faoliyatidan norozi boʻlayotgan insonlar murojaatlaridan ham bilish mumkin.

“Qora bozor” va valyutafurushlar

Xoʻsh, banklarda konversiya operatsiyalarini amalga oshirishda qanday muammolar yuzaga kelmoqda? Birinchi navbatda, kun sayin oʻzgaruvchan va oshuvchan valyutaning kursi bankomat, ayirboshlash shoxobchasi va “qora bozor”da bir xil boʻlmagach, oʻz-oʻzidan aholi xavfli va ishonchsiz boʻlishiga qaramasdan, “qora bozor”da oʻz mablagʻlarini ayirboshlashga harakat qiladi. Buning natijasida davlat hisobiga kelib tushishi lozim boʻlgan mablagʻlar valyutafurushlar qoʻlida aylanmoqda. Valyuta ayirboshlashda “qora bozor” bilan bank oʻrtasidagi narx tafovutini tushunish mumkin. Ammo bankdagi bankomat va ayirboshlash shoxobchasining narxida sezilarli farq boʻlishini qanday baholash mumkin?

Odamlar nimadan norozi?

Bankdagi navbat kutishlar, almashtirilayotgan valyutada kichik shikastlanishlar (yaroqsiz kupyuralar)ga aylanib, pullarni almashtirish jarayonida asabbuzarliklar ham koʻpgina noroziliklarga sabab boʻlmoqda. Almashtirish uchun olib borgan valyutangizda kichkina, koʻz ilgʻamas nuqson boʻlsa ham bank xodimlari tomondan valyutangizni “shikastlangan” hisoblab uni ayirboshlashda komission xarajatlaridan kelib chiqib, vositachilik haqqi undiriladi. Bunday holatda isteʼmolchi norozilik bildirsa, bank xodimlari bankomatga borib almashtirishni tavsiya qilishadi.

Fuqaro bank shoxobchasidan almashtirsa, 5 dollar komission xarajat uchun pul toʻlasa, bankomatdan ham narxdagi tafovut sabab pul yoʻqotadi. Eng qizigʻi, ayirboshlash shoxobchasidagi xodim tomonidan eʼtirozga sabab boʻlgan “nuqsonli” pulingizni bankomat qabul qilaveradi. Yana aholiga xizmat qiladigan bankomatlar hamma joyda mavjud emas va ular har kuni ishlamaydi. Shu oʻrinda tabiiy bir savol tugʻiladi, naqd pullar oʻzi qachon yaroqsiz hisoblanadi? Isteʼmolchilarni qiynayotgan ushbu savolga Markaziy bankning rasmiy axborotiga koʻra quyidagicha javob beramiz:

- boʻlaklarga ajratilgan, shu jumladan yopishtirilgan boʻlsa;

-dastlabki rangi oʻzgargan yoki rangi oʻchgan boʻlsa;

-yongan yoki kuygan holatda boʻlsa;

-asosiy belgilardan birining 50 foizidan ortiq qismiga moy, boʻyoq yoki siyoh toʻkilgan boʻlsa;

-banknotda kimyoviy reaktivlar taʼsiri boʻlsa;

-muayan darajada qasddan shikastlangan holda tasvir (surat, portret) oʻzgartirilganda, nominal oʻzgartirilgan, himoya ipchalari olib tashlangan, katta hajmdagi yozuvlar boʻlsa;

-banknotaning geometrik oʻlchami 3mm dan ortiqqa oʻzgargan boʻlsa;

- tegishli xorijiy davlatning emitent banki tomonidan eʼlon qilingan sanadan keyin muomaladan chiqarilgan hamda banknota tugatilgani, soxtaligi yoki namunaviyligini tasdiqlovchi shtamplar mavjud boʻlgan banknotalar toʻlovga yaroqsiz deb eʼtirof etiladi va bunday banknotalar bilan valyuta ayirboshlash operatsiyalari amalga oshirilmaydi.

Valyuta ayirboshlashda kupyuradan nuqson topish holatlari juda koʻp yuz beradi. Vaholanki ayrim davlatlardagi banklarda ularga kirgan va chiqqan valyutalarga oʻz ramziy belgilari, shtamplarini qoʻyish holatlari uchraydi. Ayniqsa, bu Arab davlatlaridan keladigan valyutalarda koʻp uchraydigan holat. Dunyodagi koʻplab banklarda bularga ahamiyat berilmaydi. Ammo bizda aynan shu kabi belgilar ham “shikastlanish” deya baholanadi. Bu qanchalik haqiqatga mos?!

Banklarning valyuta ayirboshlash shohobchalarida pul almashtirish jarayonida muammolarga duch kelsangiz murojaat qiling deya “ishonch” telefon raqamlari yozib qoʻyilgan. Hayotning ming- bir tashvishi, tirikchilik gʻamida yurgan insonlar esa bankdagi uzoq navbat kutishlar, yuz beradigan muammolar bilan kurashib oʻtirmay osongina “qora bozor” da oʻz ishlarini bitirib ketishni afzal bilishadi. Toʻgʻrida, bozordagi “uchar” tadbirkorlar almashtirayotgan valyutangizni hijjalab tekshiruvdan oʻtkazmaydi, sizning shaxsiy maʼlumotlaringiz ularni qiziqtirmaydi. Soniyalarda ish bitishi sabab insonlar hanuz koʻchadagi “dollarchilar” bilan pul muomalasiga kirishmoqda.Hech kimga sir emaski, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tinimsiz kurash olib borishayotgan boʻlmasin valyuta ayirboshlashda “qora bozor”ga barham berilmayapti. Markaziy bozorlarimiz atrofida valyutafurushlar oʻz “biznes”larini ayni kunlarda ham davom ettirishmoqda. Talabga koʻra taklif deyishganidek, bank tizimidagi muammolar hal qilinmas ekan, koʻcha bozorining ishi avjiga chiqaveradi. Shu oʻrinda yana bir masala banklarda valyuta almashtirish jarayonida 100 dollardan koʻproq mablagʻ bilan bogʻliq jarayon boshlansa, albatta fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi hujjati talab etiladi va uning nusxasi olib qolinadi. Xalqaro tajribada bu masalaga qanday yondashiladi? Ayniqsa, bugun ID-karta bilan borgan fuqarolardan yashash manzili haqida alohida maʼlumotnoma soʻrayotgan holatlari ham boʻlib turibdi. Bu shaxsiy maʼlumotlar nimaga yoki kimga kerak? Oʻzbekistonda banklar tomonidan insonlarning bir yil davomida qancha valyuta ayirboshlagani nazorat qilinadimi, degan xavotirli savollar tugʻilishiga ham xizmat qilmoqda.

Deputat tanqidi...

Oʻtgan yili deputat Rasul Kusherbayev shanba-yakshanba kunlari banklarda valyuta ayirboshlash shoxobchalari faoliyati yoʻlga qoʻyilmaganligini tanqid ostiga olib, oʻz sahifasida dam olish kuni oʻzi istiqomat qiladigan Yangiyoʻl shahrida bitta ham shoxobcha faoliyat yuritmayotganini aytib oʻtgan. Shunday boʻlgach, u odamlar valyutani koʻchada almashtirishga majbur boʻlishini taʼkidlab oʻtgandi. Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga ham kelib tushayotgan koʻplab murojaatlarda fuqaro(isteʼmolchi)lar shanba-yakshanba kunlari banklarda valyuta ayirboshlashning iloji yoʻqligini aytib, bu tizim faoliyatiga eʼtiroz bildirishmoqda. Ushbu noroziliklar asosli ham deya olamiz.Boisi, davlat va nodavlat tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan yurtdoshlarimiz asosan dam olish kunlaridagina bank, kommunal sohadagi ishlarini amalga oshirishga, sayohat, dam olishga vaqt ajratishlari mumkin. Vaholanki, bu ishlarning barchasi pul bilan bogʻliq jarayonlardir.

24/7 soat davomida ish yuritadigan avtomatlashtirilgan valyuta ayirboshlash shoxobchalarini soni: 2018-yilda-218 ta; 2019-yilda-722 ta; 2020-yilda-1272 ta; 2021-yilda esa-1446 tani tashkil etmoqda. Aholi son koʻrsatgichiga nisbatan hisoblasangiz, bu – dengizdan tomchi. Poytaxtning oʻzida ushbu kamchiliklar bartaraf etilmayotgan ekan, Qoraqalpogʻistonning Moʻynoq, Surxondaryoning Uzunida bu muammolar oʻz holicha qolayotgani aniq.

Yechim topmayotgan muammo

Aslida, isteʼmolchilarga valyuta ayirboshlash hech qachon muammo tugʻdirmasligi kerak! Oʻtgan yili bankomatlar faoliyati bir oz muddatga toʻxtatildi. Markaziy bank esa bu holatda soxta valyutalar muomalaga aralashganini sabab qilib koʻrsatdi. Bu kabi muammolarga tijorat banklari tomonidan doim yechimi boʻlishi lozim aslida.

Eng asosiysi, banklardagi bankomatlar va ayirboshlash shoxobchalarida valyuta almashtirish jarayonida narxlar tenglashtirilsa va xizmatlar shanba-yakshanba kunlari ham respublikamizning barcha hududlarida yoʻlga qoʻyilsa, tizimdagi muammolar va noroziliklar bartaraf etilar edi. Biz esa muammolar yuzasidan bildirgan fikrlarimiz oʻz manzilini topishini istab qolar edik...

Gulnoza Sharafova, Isteʼmolchilar huquqlarini

himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Matbuot xizmati xodimi