Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Valyuta birjasida savdolarning umumiy hajmi rekord daraja — 706,79 trillion so‘mga yetdi
14:13 / 2023-02-02

O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra “Respublika valyuta birjasi” aksiyadorlik jamiyatida savdolarning umumiy hajmi rekord daraja — 706,79 trillion so‘mga yetgan. Bu ko‘rsatkich 2021 yilning mos ko‘rsatkichiga nisbatan o‘sish 81,60 foizni tashkil etdi.

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda O‘zRVB axborot xizmati rahbari Gulshan Botirova ma’lum qildi.  

2022 yil yakunlari bo‘yicha birja valyuta bozoridagi savdolarning umumiy hajmi 338,34 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos ko‘rsatkichiga nisbatan 1,5 barobar oshdi.  

Respublika valyuta bozorini yanada rivojlantirish, birja savdo ishtirokchilari uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida “O‘zbekiston Respublika valyuta birjasi” aksiyadorlik jamiyatida 2022 yil davomida bir qator strategik ahamiyatga ega ishlar amalga oshirilgan.  Jumladan, ichki valyuta bozorida tijorat banklarining milliy valyuta kursi shakllanishidagi faolligini oshirish maqsadida bozor tamoyillariga muvofiq maket-meykerlik faoliyati joriy etildi.  

Market-meykerlik instituti joriy etilishi bozorda likvidlikning kun davomidagi uzluksizligini ta’minlanishi, bitimlar hajmi va ko‘lamining ortishi hamda valyuta kursi asosida bozor indikatorlarining shakllanishi masalalarini yanada takomillashtirish uchun asos bo‘ldi.  

Bundan tashqari, risklarni samarali boshqarish maqsadida O‘zRVB valyuta bozorida markaziy kontragent faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bunda ushbu faoliyatni yuritish orqali “O‘zbekiston Respublika valyuta birjasi” aksiyadorlik jamiyati markaziy kontragent funksiyasini bajaradi va valyuta bozorida tuzilgan bitimlarning ijrosini ta’minlash majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.  

Banklararo pul bozorida bugungi kunda O‘zRVBning maxsus elektron platformasi orqali tijorat banklarining bo‘sh pul mablag‘larini 1 kundan bir yilgacha bo‘lgan muddatga jalb qilish va joylashtirish bo‘yicha savdolar o‘tkazilib, Markaziy bankning tijorat banklari bilan depozit auksionlari ham tashkil etilgan.  

Ushbu bozorda o‘tkaziladigan savdolar bozor qatnashchilariga qisqa muddatli aktivlarga pul mablag‘larini tezkor ravishda jalb qilish va joylashtirish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi. So‘nggi yillardagi hajmlar ijobiy dinamikasi pul bozori instrumentlari jozibadorligi to‘g‘risida dalolat beradi. O‘tgan yilda ushbu bozordagi savdolarning umumiy hajmi rekord daraja — 270,61 trillion so‘mni tashkil etdi. O‘tgan yilgi ko‘rsatkichga nisbatan deyarli 93 foizga oshdi.  

2022 yilda ushbu bozorda jami 87,29 trillion so‘m qiymatida davlat qimmatli qog‘ozlari joylashtirilgan. 2021 yilga nisbatan ushbu ko‘rsatkich 3,5 barobar oshdi. Shuningdek, o‘tgan yilda O‘zRVB platformasida ilk bor inflyatsiyaga bog‘langan davlat qimmatli qog‘ozlari joylashtirildi.  

 

Sh.Mamaturopova,  

O‘zA