Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Valyuta bilan bog‘liq noqonuniy holatlarga chek qo‘yildi
17:36 / 2023-06-05

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti organlari qalbaki valyuta, valyutani qonunga xilof ravishda o‘tkazish kabi noqonuniy holatlarga qarshi muntazam kurashmoqda.

Bank universal kassasi sobiq kassiri I.A. va boshqalar o‘zaro til biriktirib, chet davlatlardan pul o‘tkazmalari orqali kelgan AQSH dollarlarini olish uchun bank xizmatidan foydalangan mijozlarga qalbaki 2 600 AQSH dollari o‘tkazgan.  

Bu departamentning Xonobod shahar bo‘limi xodimlari tomonidan “Xalq banki” Xonobod filialining murojaatiga asosan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda ma’lum bo‘ldi.  

Qalbaki 1,6 ming AQSH dollarining mijozlar tomonidan qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.  

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.  

Departamentning Oqdaryo tumani bo‘limi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan fuqaro M.T. fuqaro B.B.ga jami 3,8 ming AQSH dollarini 43,7 million so‘mga sotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.  

Departamentning Andijon viloyati Jalaquduq tumani bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan fuqaro J.J. va boshqalar fuqaro M.A.ga jami 3,5 ming AQSH dollarini 40,1 million so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.  

Departament matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.  

 

N.Abduraimova, O‘zA