Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Valentina Matviyenko: O‘zbekistonning xalqaro siyosatdagi roli oshib bormoqda
09:33 / 2022-10-28

Samarqand shahrida Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) Parlamentlararo Assambleyasi sessiyasi davom etmoqda.

Sessiya munosabati bilan Samarqand shahriga tashrif buyurgan MDH Parlamentlararo Assambleyasi Ittifoqi raisi, Rossiya Federal Majlisi federatsiya raisi Valentina Matviyenko O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashdi.    

Uchrashuvda T.Norboyeva Rossiya bizning strategik hamkorimiz va ishonchli ittifoqchimiz bo‘lib kelganini qayd etdi.   Mamlakatlarimizning o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorligi va  do‘stona munosabatlari yuqori darajaga ko‘tarildi. 

O‘zbekiston – Rossiya ko‘p qirrali munosabatlari jadal rivojlanmoqda, jumladan, BMT, SHHT, MDH va boshqa xalqaro platformalar bunga yorqin misoldir.  

Samarqand shahrida shu yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan SHHT sammiti muhim voqea bo‘ldi. Unda ikki va ko‘p tomonlama  hamkorlikni yanada mustahkamlashning istiqbolli yo‘nalishlari belgilab olindi.  

V.Matviyenko MDH Parlamentlararo Assambleyasi sessiyasining betakror, tarixiy shahar Samarqandda o‘tkazilayotganidan mamnunligini bildirdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevga alohida minnatdorlik bildirdi. Parlamentlararo Assambleya tashkil etilganiga 30 yil bo‘lgani, bu safargi sessiya keng qamrovli o‘tayotgani, bunga tayyorgarlik ko‘rishda Oliy Majlisning xizmati katta bo‘lganini ta’kidladi.  

– O‘zbekiston katta xalqaro nufuzli tadbirlar poytaxtiga aylandi, – dedi Valentina Matviyenko. – Bu yil jahon siyosatining markazi O‘zbekistonga ko‘chdi. Mamlakatda juda ko‘p yuqori darajadagi yirik xalqaro tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Bu O‘zbekistonning xalqaro siyosatdagi roli oshib borayotganidan dalolat beradi.  

Xususan, Samarqand shahrida yuqori darajada o‘tkazilgan xalqaro tadbirlar, bu yerda maxsus yaratilgan shart-sharoitlar hammaning havasi va hayratini keltirmoqda. Haqiqatan ham bu yerdagi zamonaviy binolar va ulardagi sharoitlar darajasi juda yuqori. O‘ylaymanki, biz bunday tadbirlarni O‘zbekistonda o‘tkazishni davom ettiramiz.  

Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik mustahkamlanib, yangi yo‘nalishlarga ega bo‘lish bilan birga o‘z  natijalarini ko‘rsatmoqda. Davlatlarimiz o‘rtasida hamkorlikka oid yangi hujjatlar imzolangani xalqlarimiz, xususan yoshlar uchun yangi imkoniyatlar ochadi. “Yo‘l xaritalari” asosida nafaqat iqtisod, agrar, raqamli texnologiyalar, balki  ijtimoiy  sohalar bo‘yicha ham muhim ishlar amalga oshiriladi.  

 

Norgul Abduraimova,  

O‘zA