Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vaksina olmagan shaxsning ishdan chetlatilishi uning ishdan mahrum bo‘lishini anglatadimi?
14:17 / 2021-08-06

Aholidan tushayotgan savollarga Adliya vazirligi mutaxassislari javob berib kelmoqda.

 Ijtimoiy tarmoqlarda  berilayotan savollarga shu zahoti javob berilsa, elektron pochta, telegram-bot va boshqa vositalar orqali kelayotgan savollarga individual javob yo‘llanmoqda.  

 Shu bilan birga, ko‘pchilikni qiziqtiradigan savollarga Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva ommaviy axborot vositalari orqali javoblar taqdim etmoqda.  

 - Keyingi vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda shaxsning koronavirusga qarshi vaksina olishni rad etishi uni ishdan bo‘shatishga asos bo‘lishi mumkinligi keng muhokama sabab bo‘lmoqda. Ba’zilar esa ishdan bo‘shatilmaydi, chetlatiladi, deyishmoqda. Ishdan chetlatish ishdan haydalish, deganimi?

 - Joriy yil 2 avgust kuni “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.  

 Qonun bilan Mehnat kodeksining 113-moddasiga xodim karantinli va yuqumli kasalliklar tahdidi bo‘lganda Bosh davlat sanitariya vrachi qarori asosida profilaktik emlashdan o‘tishni rad etsa (agar emlanishga qarshi holatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda) ish beruvchi uni ishga qo‘ymaslikka haqli ekanligiga oid ko‘shimcha kiritildi.  

 Shu o‘rinda ishdan chetlatish va ishdan bo‘shatishni bir-biridan farqlashimiz lozim. Ushbu ikki tushuncha mutlaqo boshqa-boshqa munosabat va mohiyatni tashkil etadi. Ya’ni, ish beruvchi emlanmagan xodimni ishdan haydamaydi, ishdan chetlatadi. Ishdan chetlatish  vaqtinchalik holat bo‘lib, vaziyat iziga tushgach, ya’ni chetlatishga sabab bo‘lgan holat bartaraf etilgach xodim yana ishini davom ettiraveradi. Biroq ishdan chetlatib turilgan muddat uchun oylik to‘lanmaydi.  

 Ishdan bo‘shatilganda xodimga mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi buyruq nusxasi va mehnat daftarchasi beriladi. Sodda qilib tushuntirganda, mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodim o‘zi ishlab turgan korxonani vaqtinchalik emas, balki butunlay tark etadi.  

 bugungi kunda jamoaviy immunitetni hosil qilish bevosita jamoat xavfsizligi, jamiyat manfaati hisoblanishini e’tiborga  olish lozim. Zero, jamoaviy huquq individual huquqdan doimo ustun turadi.  

 Shunga ko‘ra, aholi manfaatlaridan kelib chiqib, mazkur qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartishlar kiritilmoqda.  

 - Mehnat migrantlariga yangi imtiyoz va qulaylik yaratilganligi haqida o‘qidim. Shu bo‘yicha to‘liq ma’lumot bera olasizmi?

 - Joriy yil 30 iyul kuni Xorijga tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.  

Qarorga ko‘ra, 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab 2022 yil 1 sentyabrga qadar “labor-migration” dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan, kasb-hunar yoki xorijiy tillarga o‘qigan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga:    

 xorijiy tillar yoki kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun, basharti ular muvaffaqiyatli topshirilganda – BHMning 3 baravarigacha miqdorda (735 ming so‘m);  

 yo‘l chiptasini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun – BHMning 2 baravarigacha miqdorda (490 ming so‘m);  

 rivojlangan davlatlarda mehnat faoliyatini amalga oshirishga “ishchi viza”ni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun – BHMning 5 baravarigacha miqdorda (1 million 225 ming so‘mgacha) kompensatsiya to‘lanadi.  

  - Yaqinda avtotransport vositalarini tonirovka qilish bo‘yicha yangi tartib belgilanganligini eshitdim. Endilikda tonirovka tartibi qanday bo‘ladi?  

 - Joriy yil 28 iyul kuni Hukumatning tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalaridan foydalanish tartibini takomillashtirishga oid qarori qabul qilindi.  

 Qarorga ko‘ra, 2021 yil 1 oktyabrdan avtotransportlar oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmati faqat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali ko‘rsatiladi.

Shuningdek, avtotransportlar oynalarining tusini o‘zgartirish (qoraytirish) ishlari avtotransport vositasi egasi tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi.

Avtotransport orqa oynasining tusini yorug‘lik o‘tkazuvchanligi cheklanmagan darajada o‘zgartirish (qoraytirish), shuningdek, old oynasining tepa qismi tusini 14 santimetrdan ko‘p bo‘lmagan tasmasimon shaklida yorug‘lik o‘tkazuvchanligi cheklanmagan darajada o‘zgartirish (qoraytirish) uchun ruxsatnoma talab etilmaydi.  

 Ruxsatnoma 1 yil muddatga beriladi.  

 Ariza beruvchi tomonidan ruxsatnoma uchun to‘lov 10 kun muddatda amalga oshiriladi.  

 Eng muhimi, fuqarolardan YAIDXP orqali ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatilgani uchun to‘lov undirilmaydi.  

      N.Abduraimova, O‘zA