Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vaksina olganlarning 90 foizi o‘zini yaxshi his qilyapti
15:07 / 2021-07-05

Mamlakatimizda shu yil 1 apreldan koronavirus infeksiyasiga qarshi ommaviy emlash tadbirlari boshlandi. Hozirda yurtdoshlarimiz Xitoy-O‘zbekiston hammuallifligidagi ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi bilan ham emlanyapti.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonning vaksina zaxirasi 6,4 million dozaga yetmoqda. Yurtimizga 30 iyun kuni ham Xitoy vaksinasining yana 1 million dozasi keltirilgan.  

 Mutaxassislarning ta’kidlashicha, koronavirusni yengishning yagona yo‘li — vaksina qabul qilish. Shu bois aholi vaksinatsiya jarayonida faol ishtirok etishga chaqirilmoqda. Ammo ayrim fuqarolar koronavirusga qarshi vaksinalarning nojo‘ya ta’siri haqida turli xil shubha-gumonga borib, vaksina olishni xohlamayapti.  

 Ularning bu boradagi fikri qanchalik  asosli ekanini o‘rganish maqsadida O‘zA muxbiri ijtimoiy tarmoqlarda vaksina olgan yurtdoshlarimiz o‘rtasida ijtimoiy so‘rov o‘tkazdi.  

 Ijtimoiy so‘rovda 90 foiz fuqaro vaksinatsiya yengil o‘tganini, hech qanday nojo‘ya ta’sirini sezmaganini ma’lum qilgan bo‘lsa, qolgan 10 foizi vaksina olgan birinchi kun sal holsiz bo‘lganini, keyin o‘zini yaxshi his qilganini qayd etgan.  

 So‘rovda ishtirok etgan ba’zi yurtdoshlarimizning fikri bilan tanishtirishni lozim topdik.  

 Mahfirat Musayeva: Ahvolim juda yaxshi, 3 ta dozasini olib bo‘ldim, shifoxonamizda ishlaydigan xodimlardan 90 foizi vaksina olib bo‘ldi. Hech kimda nojo‘ya ta’sir kuzatilmadi.  

 Malika Karimova: Oyim 83 yoshdalar, birinchisini ham, ikkinchisini ham oldilar, hech nima bo‘lmadi ularga, Xudoga shukr. Ular meni ham vaksina qildirishga undadilar. Tana haroratim chiqmadi, hech joyim og‘rimadi ham.  

 Tahlil va o‘rganishlar shuni ko‘rsatyaptiki, vaksina — mutlaqo xavfsiz va uni qabul qilgan insonda 95-97 foiz antitanachalar shakllanadi. Yana shuni ham aytish joiz, bugun dunyo bo‘ylab davom etayotgan pandemiya davrida sanoqli davlatlardagina emlash jarayoni o‘tkazilmoqda. Sababi, birinchi navbatda, ishonchli vaksina topish dolzarb masala bo‘lsa, ikkinchidan, pandemiya tufayli moliyaviy qiyinchilik yuzaga kelgani bois bu jarayon ortga surilmoqda. E’tiborli jihati shundaki, aholisini virusga qarshi emlatayotgan kamsonli mamlakatlar qatorida O‘zbekiston ham borligi Vatanimizda doim inson qadr-qimmati, salomatligi barchasidan ustun ekanligini ko‘rsatadi.  

 Shahnoza Mamaturopova, O‘zA