Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vakolatlar ortidagi ishonch va mas’uliyat
13:21 / 2025-10-14

Ta’kidlash lozim, so‘nggi yillarda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi rolini kuchaytirishga qaratilgan muhim o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.

Yangi O‘zbekiston islohotlari natijadorligini ta’minlash orqali hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini o‘ylantirayotgan masalalarni hal etish, mahalliy ijro organlari faoliyati ustidan ta’sirchan deputatlik nazoratini kuchaytirish maqsadida ko‘plab normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. 

Ilgari mahalliy Kengashlarning vakolatlari soni 20 taga ham yetmagan bo‘lsa, bugun ular 150 tadan oshdi. Deputatlar avvallari faqat hokimning yillik hisobotini eshitgan bo‘lsa, hozirda mahalliy darajadagi 60 dan ortiq organning hisobot va axborotini tinglayapti. Mahalliy Kengashlar faoliyatga oid 700 dan ortiq qonunchilik hujjati qayta ko‘rib chiqilib, 300 dan ortiq funksiyalarni maqbullashtirish choralari ko‘rildi. 

Uzoq kutilgan o‘zgarish – yangi tahrirdagi Konstitutsiyada xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlariga hokimlar emas, deputatlar orasidan saylangan kengash raislari boshchilik qilinishining belgilanishi bu boradagi eng muhim siyosiy o‘zgarish bo‘ldi. Viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari Kengashining raisi lavozimini egallashi mumkin emas. 

Demokratik taraqqiyot sari tashlangan muhim qadam sifatida baholanayotgan ushbu o‘zgarish mahalliy vakillik organlari xalq nomidan muhim qarorlarni mustaqil qabul qilishga, hokimliklar faoliyati ustidan nazoratni yanada kuchaytirishga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Ya’ni, endi kengashlar faoliyati avvalambor, mahalliy aholi manfaatlaridan kelib chiqib qarorlar qabul qilishga, hokimning faoliyati esa mazkur qarorlar ijrosiga qaratiladi. 

Kengashlar yig‘ilishlarida hokim nomzodi ko‘rib chiqilayotganida nomzod mahalliy deputatlarga hududni rivojlantirish dasturini taqdim etish shartligi bo‘yicha ham qonuniy asos yaratildi. Shuningdek, “Kengash so‘rovi” va “Kengash tekshiruvi” kabi yangi mexanizmlar joriy qilindiki, bu ham hududiy ijro organlari faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirishga xizmat qiladi. 

Bu kabi siyosiy islohotlar mamlakatimizda davlat boshqaruvini quyi bo‘g‘inga tushirish, ularni aholiga yaqinlashtirish jarayonlari ortga qaytmas tus olganidan dalolat beradi. Mahalliy kengash deputatlarining tom ma’noda “xalq vakillari” bo‘lishini ta’minlaydi. Eng asosiysi, “Kuchli kengash – hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosidagi amaliy ishlarni kuchaytiradi. Ushbu sa’y-harakatlar zamirida esa shubhasiz “Xalqni rozi qilish, og‘irini yengil qilish”dek ezgu g‘oya mujassam.

Yaqinda mahalliy kengashlar faoliyati bilan bog‘liq yana bir muhim hujjat – O‘zbekiston Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Maqsad: vakillik organlari roli va fuqarolarning mahalliy boshqaruvdagi ishtirokini yanada kuchaytirish, ijro hokimiyatining hisobdorligini oshirish, hududiy boshqaruvni “aholi manfaatlariga xizmat qilish” tamoyili asosida nomarkazlashtirish, mahalliy vakillik organlari vazifa va funksiyalarini aniq belgilash va o‘zaro hamkorligining huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan.

Farmon bilan mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining tashabbuskorligini oshirish maqsadida yana bir qator vakolatlar mahalliy Kengashlarga o‘tkazilmoqda. Hujjatda Oliy Majlis palatalari huzuridagi yoshlar parlamentlari tajribasidan kelib chiqib, mahalliy Kengashlar qoshida ham jamoatchilik asosida Yoshlar guruhlari tashkil etilishi belgilandi. Bu tashabbus mahalliy kengash deputatlarining yangi avlodini tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, mahalliy Kengashlar huzurida Maslahat guruhlari hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashi raisi o‘rinbosari instituti tashkil etiladi. 

Farmonda hokim o‘rinbosarligiga nomzodlarni tegishli mahalliy Kengashlar doimiy komissiyalarida dastlabki tarzda muhokama qilish, o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha hududni rivojlantirish dasturlarini taqdim etish tartibini yo‘lga qo‘yish, “Kengash soati” institutini joriy qilish, mahalliy Kengashlar faoliyatini moliyaviy rag‘batlantirish masalalari ham ko‘zda tutilgan. Mahalliy kengashlar faoliyatida axborot texnologilarini keng joriy etish va sun’iy intellektdan foydalanishi bo‘yicha ham vazifalar belgilandi.

Albatta, vakillik organlari vakolatlarining kengayishi biz – mahalliy kengash deputatlariga katta ishonch bildirilayotganidan dalolatdir. Shu bilan birga, zimmamizga ulkan mas’uliyatni ham yuklaydi. Darhaqiqat, belgilangan vazifalarni vijdonan bajargan deputatgina saylovchilar ishonchini qozona oladi, xalq vakili, degan nomni oqlaydi. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, deputat – bu xalq xizmatchisi, barchaga o‘rnak bo‘ladigan, siyosiy bilimi va ongi yuksak, o‘z Vatanini chin dildan sevadigan inson. 

Otabek JIYABAEV,
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati, UzA