French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vakillarimiz uchinchi o‘rinni egalladi
15:40 / 2019-11-05

Rossiya Federatsiyasining Krasnodar o‘lkasida joriy yilning 29-31 oktabr kunlari mini futbol bo‘yicha an’anaviy xalqaro turnir bo‘lib o‘tdi.


Rossiya Federatsiyasining Krasnodar o‘lkasida joriy yilning 29-31 oktabr kunlari mini futbol bo‘yicha an’anaviy xalqaro turnir bo‘lib o‘tdi. 

Unda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar akademiyasi terma jamoasi ham ishtirok etdi. Musobaqada Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalari, shuningdek Kaluga viloyati Ichki ishlar boshqarmasi, Krasnodar oliy harbiy aviatsiya uchuvchilari bilim yurti, Kuban davlat texnologiya universiteti, Belgorod yuridik institutidan jami 13 ta jamoa g‘oliblik uchun bahslashdi.

Turnirda ilk bor ishtirok etgan vakillarimiz taqvimga ko‘ra Rossiya Federatsiyasi IIVning Rostov yuridik instituti hamda mezbon Krasnodar universiteti jamoalari bilan “V” guruhidan o‘rin oldi. Ilk o‘yinda rostovliklarga imkoniyatni boy bergan (0:1) futbolchilarimiz, hal qiluvchi ikkinchi uchrashuvda maydon egalarini 3:2 hisobida mag‘lub etdi. Chorak finalda vakillarimizga Voronej instituti futbolchilari ro‘baro‘ keldi. Kuchli yomg‘ir ostida kechgan bahsning asosiy vaqti 3:3 hisobida nihoyasiga yetgach, tomonlar o‘n bir metrlik penalti tepdi. Bunda omad vakillarimizga kulib boqdi. Yarim finalda terma jamoamizga musobaqaning amaldagi chempioni Kuban davlat texnologiya universiteti jamoasi raqiblik qildi. Afsuski, teng kurashlar ostida o‘tgan o‘yinda futbolchilarimizga omad kulib boqmadi va ular mag‘lub bo‘ldi. 

Terma jamoamiz futbolchilari turnirning bronza medali uchun yana bir bor Krasnodar universiteti futbolchilariga qarshi maydonga tushdi. Murosasiz bahslar bilan boshlangan uchrashuv yosh charm to‘p ustalarimizning to‘liq ustunligida o‘tdi. Hisob ham shunga yarasha bo‘ldi – 3:0!

Akademiya futbolchilari namoyish etgan o‘yinlar tashkilotchilarning alohida e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Jamoamiz musobaqaning bronza medali bilan birga, Krasnodar o‘lkasi “Dinamo” sport jamiyati ta’sis etgan “G‘alabaga bo‘lgan ishonchi uchun” sovrini bilan ham taqdirlandi. Jamoa vakili A.Mirsharapov eng yaxshi himoyachi nominatsiyani qo‘lga kiritdi. 

Jamshid XOLOV, 
IIV Akademiyasi matbuot xizmati 
katta inspektori, katta leytenant.