Bugungi kunda Internet tarmog‘i va axborot kommunikatsiya texnologiyalari ravnaq topib borgani sari shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash masalasi ham ustuvorlik kasb etmoqda. Ba’zi hollarda odamlarning suratlaridan g‘arazli maqsadlarda yoki ularning roziligini olib o‘tirmasdan foydalanish yoxud ularni o‘zicha suratga olish holatlariga duch kelamiz.
Endilikda esa har bir insonning tasviri shaxsiy ma’lumot sifatida himoya qilinadi. Shaxsni suratga olish va undan foydalanish uchun uning roziligini olish majburiy talab sifatida belgilab qo‘yilmoqda.
Bu kabi normalar shaxslarning tasvirga bo‘lgan huquqlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasida o‘z ifodasini topmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida mazkur loyiha ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, shaxsni suratga olish va undan foydalanish jarayonida shaxs muomalaga layoqatsiz bo‘lgan taqdirda, rozilik uning qonuniy vakili tomonidan beriladi. Shuningdek, shaxs vafot etgan taqdirda, agar u hayotligi chog‘ida rozilik bermagan bo‘lsa, uning vorislari tomonidan rozilik beriladi.
Bundan tashqari, bu borada bolalar huquqlari ham alohida nazarda tutilmoqda. Ya’ni, 16 yoshga to‘lmagan voyaga yetmaganlar nomidan rozilik ularning ota-onasidan biri yoki ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslardan biri tomonidan berilishi ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, qonun loyihasida videokuzatuvni amalga oshirishda shaxsiy daxlsizlikni ta’minlashga oid talablar, tasvirdan ruxsatsiz foydalanilganda kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar aniq belgilab qo‘yilmoqda.
Muhokama va fikr-mulohazalardan so‘ng qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ma’qullandi.
Muhtarama Komilova, O‘zA