Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Va’dasini bajarmagan firibgar bilan bog‘liq va 11 ayolning alimentga oid murojaati hal etildi
10:32 / 2023-12-19

Yurtimiz hududlari, viloyatlar bo‘ylab prokuratura, sud, soliq, ichki ishlar, adliya va bojxona boshqarmalari mas’ullari aholi muammolarini o‘rganib, har bir masalani murojaatchilar ishtirokida sinchiklab ko‘rib chiqmoqda. Davlatimiz rahbari topshirig‘i asosida Prezident Xalq qabulxonalari Termiz shahri, Denov va Sherobod tumanlarida sud-huquq masalalari bo‘yicha tashkil qilgan ommaviy qabullarda qonuniy yechimi bor masalalar joyida hal qilib berildi.

Qabullar davomida kelib tushgan 385 ta masalaning 183 tasi ijobiy hal qilindi, 22 nafar murojaatchiga huquqiy tushuntirish va maslahat berilgan bo‘lsa, 180 ta masala nazoratga olindi, deya ma’lumot beradi Respublika ishchi guruhi. 

Viloyat prokuraturasiga qilingan murojaatlar asosida angorlik Sohiba Ergasheva singari 11 nafar ayolning 18 million so‘mdan ziyod aliment puli undirib berildi. 

Termiz shahri Jo‘yjangal mahallasida yashovchi Shuhrat Jo‘rayevning viloyat IIBga murojaati asosida undan "Spark", "Neksiya-3" avtomashinalari va bitta ekskavator olib beraman, deb jami 476 million so‘m olib, pullarini bermay yurgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 

Xuddi shunday sherobodlik Davlat Xushboqov murojaati asosida uch-to‘rt yildan beri sotgan chorvasi uchun jami 140,5 million so‘m mablag‘ni bermay yurgan biryo‘la uch shaxsga nisbatan ham firibgarlik holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 

Denovlik Zulfiya Tosheva murojaati asosida tumanning Alouddin mahallasidagi yo‘llarga, muzrabotlik Abdusalom Abdumo‘minov murojaatiga ko‘ra Muzrabot darvoza mahallasidagi “Kamalak” bog‘chasi yoniga yo‘l belgilari o‘rnatilib, piyodalar o‘tish chiziqlari chizildi. 

Fuqaroligi bo‘lmagan 3 nafar shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindi, ijtimoiy himoyaga muhtoj 4 nafar murojaatchiga ID pasporti olib berildi. 

Termiz shahridagi “Surxon Sifat Textile” korxonasi mas’ullarining viloyat soliq boshqarmasiga qo‘shimcha qiymat solig‘i bo‘yicha noto‘g‘ri hisoblangan 3 milliard 600 million so‘m ortiqcha to‘lovni qaytarish masalasidagi murojaati joyida ijobiy hal qilindi. 

Bundan tashqari, Prezident virtual qabulxonasi va viloyat sudlariga avvalgi murojaatlarga ko‘ra berilgan taqdimnoma va iltimosnomalar asosida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar bir qator ishlarni ko‘rib chiqdi. Natijada ozodlikdan mahrum qilish, ozodlikni cheklash va axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tayotgan 114 nafar shaxst jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi. 

4 nafar ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tayotgan mahkumlar umumiy tartibli koloniyadan manzil-koloniyasiga o‘tkazildi, 5 nafar shaxsga oid ayblov xulosasi bilan bo‘lgan jinoyat ishi yarashuv asosida ko‘rilib, harakatdan tugatildi. 

4 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishi sudlar tomonidan ochiq sud majlisida ko‘rilib, ularga qo‘llanilgan qamoq ehtiyot chorasi bekor qilinib, sud zalida qamoqdan ozod qilindi. 

Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA