Qatar Amiri, Suriya Prezidenti, Afg‘oniston muvaqqat hukumati, AQSH lider ayoli Hillari Klinton, milliarder Bill Geyts va O‘zbekiston delegatsiyasi… O‘zA jurnalisti ob’ektivi Qatarda o‘tgan Doha forumiga qaratildi.
Qatarda har yil o‘tkaziladigan nufuzli Doha forumi joriy yil 6-7 dekabr kunlari bo‘lib o‘tdi. Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy tomonidan tashkil etilgan anjuman jahonning turli mintaqalaridan davlat rahbarlari, diplomatlar, biznes yetakchilari, xalqaro tashkilotlar va media vakillarini bir joyga to‘pladi.
23-Doha forumi bu gal “Amalda adolat: va’dalardan natijalarga” shiori ostida o‘tdi. Mavzu global hamjamiyatni amaldagi yechimlarga chaqirish, shuningdek, Qatarning xalqaro inqirozlarga nisbatan jiddiy va mas’uliyatli yondashuvini yana bir bor namoyon qilgani bilan ahamiyatlidir.
Anjuman qatnashchilari ushbu mamlakatning xalqaro tinchlikka bag‘ishlangan qat’iy pozitsiyasini e’tirof etdi. Forum ochilish marosimida Qatar Amiri ishtirok etib, nutq so‘zladi. Yig‘inda “Education Above All” (hamma uchun ta’lim) jamg‘armasi bilan hamkorlikda Falastin va Afg‘onistonda bolalar ta’limini qo‘llab-quvvatlashga qo‘shgan hissasi uchun Aleks Tiyer va Sa’d Muhseniyga “Doha Forum” mukofoti topshirildi.
– Biz haqiqiy, inklyuziv va hisobdor global boshqaruvni ta’minlash – bugungi kunning eng katta vazifasi ekanini tan olishimiz kerak, – dedi forum ijrochi direktori Muborak Ajlan al-Kuvariy.
E’tiborli jihati, forumda dunyo siyosiy sahnasining eng nufuzli shaxslari jumladan, Gana, Suriya, Livan, Qatar va Qurdiston prezidentlari, Turkiya, Ispaniya, Nigeriya, Liberiya va Gretsiya tashqi ishlar vazirlari, Jahon iqtisodiy forumi rahbariyati, AQSHning sobiq davlat kotibi Hillari Klinton hamda taniqli tadbirkor va “Microsoft” kompaniyasi asoschisi Bill Geyts ham qatnashdi.
Yig‘inda mintaqalarga tinchlik, barqarorlikni ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan “G‘azo va Yaqin Sharqda tinchlik istiqbollari”, “Energetika, xavfsizlik va savdo sohalaridagi yangilangan hamkorlik imkoniyati”, “Moliyalashtirishdagi global qisqarishlar fonida tibbiy xizmat barqarorligi” kabi qator sessiyalar ham tashkil etildi.
– Men haqimdagi mish-mishlar juda ko‘p, -dedi Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad Ash-Shara’ “CNN” telekanaliga bergan eksklyuziv intervyusida. – Avvalo, men hech qachon tinch aholi vakillariga qarshi ziddiyatga bormaganman va ayni paytda BMT Xavfsizlik Kengashining terrorchilar ro‘yxatida emasman.
Forum doirasida o‘tkazilgan eng muhim sessiyalardan biri sifatida “Mediatsiya parchalangan dunyoda” mavzusi alohida e’tiborga olindi. Ushbu sessiyada Qatar Davlati Bosh vaziri, tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy, YeI tashqi siyosat bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas, Ispaniya tashqi ishlar vaziri Xose Manuel Albares, Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan fikr va tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Qatar Bosh vaziri va tashqi ishlar vaziri ko‘p hollarda adolat xalqaro huquq sohasida deyarli ko‘rinmay qolganini, huquqiy mexanizmlar samaradorligining susayishi jahon inqirozlarini yanada kuchaytirayotganini qayd etdi.
– Bugungi kunda dunyo qonun ustuvorligi va adolatli xalqaro tartibotga ishonchni tiklashga har qachongidan-da ko‘proq muhtoj. Mintaqaviy muammolarni global noqonuniylik va xalqaro me’yorlarga nisbatan hurmatning pasayishi bilan bog‘liq holda ko‘rib chiqmasdan bo‘lmaydi. Dunyoga yangi va’dalar kerak emas, balki so‘zlarni amalga aylantiradigan adolatli tartibot zarur, – dedi Ol Soniy.
Milliarder Bill Geyts ham tadbirda ma’ruza qildi. U raqamli dunyoda barcha imkoniyatlar oshayotgani, ammo bundan to‘g‘ri foydalanib, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va muammoli hududlarda kommunikatsiya orqali ijobiy kayfiyat ulashish zarurligini aytdi.
Forumning yopilish qismida Qatar birinchi xonimi Muza bint Nosir al Misnid nutq so‘zlab, muloqotlar amaliy harakatlarga aylanishi kerakligini ta’kidladi. Uning fikricha, adolatli kelajakka erishish uchun jamoaviy mas’uliyat barchadan talab etiladi.
Tarixiy sammitda O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan Afg‘onistonni faol jalb etish orqali Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikning yangi tizimini shakllantirishga qaratilgan tashabbus – Termiz muloqotiga bag‘ishlangan maxsus sessiya o‘tkazildi. Keyingi lavhalarimiz orqali shu haqda batafsil ma’lumot beramiz.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/IoPOWHOXxlQ" title="Va’dalardan amaliyotga: Doha forumi qanday o‘tdi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Behruz Xudoyberdiyev,
Iskandar Ismatov (video),O‘zA
Doha, Qatar