«Qarz shartnomasi bo‘yicha bir taraf (qarz beruvchi) ikkinchi tarafga (qarz oluvchiga) pul yoki turga xos alomatlari bilan belgilangan boshqa ashyolarni mulk qilib beradi, qarz oluvchi esa qarz beruvchiga bir yo‘la yoki bo‘lib-bo‘lib, o‘shancha summadagi pulni yoki qarzga olingan ashyolarning xili, sifati va miqdoriga baravar ashyolarni (qarz summasini) qaytarib berish majburiyatini oladi.
Qarz shartnomasi pul yoki ashyolar topshirilgan paytdan boshlab tuzilgan hisoblanadi.» O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, 732-modda.
Keyingi yillarda jismoniy hamda yuridik shaxslar o‘rtasida qarz munosabatlari bilan bog‘liq huquqiy munosabatlarning tobora ortib borayotganligi, shu o‘rinda, ushbu munosabatlar natijasida turli nizolarning kelib chiqayotganligining guvohi bo‘lmoqdamiz.
Sudlarda qarz va qarzdorlikni undirish haqidagi da’vo arizalarining ko‘plab kelishini kuzatar ekansiz, o‘zaro munosabatga kirishgan bir tarafning u yoki bu sabablarga ko‘ra zimmasiga olgan majburiyatini bajarmayotganligi oqibatida, ikkinchi tarafda sudga murojaat qilish orqali muammosini hal etish zarurati paydo bo‘layotganligiga amin bo‘lasiz.
Tilxat asosida olingan qarz summasini yoki muayyan bir ashyolarni, shuningdek, ma’lum bir tadbirkorlik sub’ektidan qarzga sotib olingan mahsulotlarning qiymatini kelishilgan vaqtda qaytarish, kredit summasini grafikda belgilangan muddatlarda bankka qaytarish haqidagi da’volarning ko‘payishi o‘z navbatida sud qarorlarining hamda ushbu qarorlar asosida olib boriladigan ijro harakatlarining soni oshib ketishiga sabab bo‘lmoqda.
Odil sudlovni amalga oshirish jarayonida sudlar tomonidan sudlarda ko‘rilayotgan muayyan toifadagi ishlarni ko‘rish bo‘yicha sud amaliyoti tahlil qilinib, doimiy ravishda o‘rganib boriladi.
Xususan, o‘rganishlar jarayonida «qarz» va «qarzdorlik» tushunchalarining mazmunan o‘zaro o‘xshash bo‘lganligi holati, ish odatlari va jismoniy shaxslar o‘rtasida mavjud muomala shartlarida har qanday majburiyat yuzasidan kelib chiqqan, javobgardan da’vogar foydasiga berilishi (qaytarilishi), uning foydasiga bajarilishini nazarda tutgan harakatlarni «qarz» majburiyati sifatida talqin qilinishi sudlarda da’vogarlarning turli mazmundagi (xususiyatdagi) munosabatlardan kelib chiqqan majburiyatlarni «Qarz undirish haqida»gi da’vo arizasi kiritish orqali hal etib berish talabi bilan murojaat qilayotganliklarini ko‘rsatmoqda.
Mazkur holat sudlarda ushbu toifadagi ishlarni ko‘rishda amaldagi qonunchilik normalarini, xususan, moddiy hamda protsessual qonun talablarini aniq tushunish va to‘g‘ri talqin qilish, ishlarni hal etishda taraflar o‘rtasida vujudga kelgan huquqiy munosabatlarning turini aniq tavsiflash va dalillar orqali ularga baho berish, «qarz» va «qarzdorlik» tushunchalari orqali da’vo qilingan talablarning haqiqatda qarz munosabati ekanini aniqlashda alohida mas’uliyat talab qiladi.
Tahlillarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida sudlarda qarz undirish bilan bog‘liq jami 1592 ta fuqarolik ishi ko‘rilgan.
Bu sudlar tomonidan ko‘rilgan jami ishlarning 5,6 foizini tashkil etadi va bu toifadagi ishlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1.268 ta yoki 79,6 foizga ko‘paygan.
Fuqarolik qonunchiligida «majburiyat» degan tushuncha mavjud bo‘lib, unga ko‘ra majburiyat — fuqarolik huquqiy munosabati bo‘lib, unga asosan bir shaxs (qarzdor) boshqa shaxs (kreditor) foydasiga muayyan harakatni amalga oshirishga, chunonchi: mol-mulkni topshirish, ishni bajarish, xizmatlar ko‘rsatish, pul to‘lash va hokazo yoki muayyan harakatdan o‘zini saqlashga majbur bo‘ladi, kreditor esa — qarzdordan o‘zining majburiyatlarini bajarishni talab qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Qarz shartnomasi ham majburiyatlarning bir turi bo‘lib, bu shartnoma taraflar o‘rtasida qarz munosabatlari vujudga kelganligini ko‘rsatadi.
Fuqarolik kodeksining 733-moddasiga ko‘ra, fuqarolar o‘rtasida qarz shartnomasi, agar bu qarzning summasi bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan ortiq bo‘lsa, oddiy yozma shaklda tuzilishi shart, shartnomadagi taraflardan biri yuridik shaxs bo‘lganida esa summasidan qat’i nazar, yozma shaklda tuzilishi shart.
Agar qarz oluvchining tilxati yoki unga qarz beruvchi tomonidan muayyan summa yoki muayyan miqdordagi ashyolar topshirilganligini tasdiqlaydigan boshqa hujjat mavjud bo‘lsa, qarz shartnomasi yozma shaklda tuzilgan hisoblanadi.
«Falonchiga qarz bergan edim, biroq, u qarzini qaytarmadi», «Tanishimga mahsulot sotgan edim, ammo, u mahsulot pulini bermadi, mendan qarz bo‘lib qoldi», «Ichki ishlar idorasida mendan qarzi borligini tan olib, tushuntirish xati yozib bergan, haqiqatdan qarzi bor» degan vajlar sudlarda da’vogarlar tomonidan keltiriladigan vajlar orasida eng ko‘p uchraydiganlaridan biri hisoblanadi.
Ishlarni ko‘rib chiqish davomida aksariyat hollarda taraflar o‘zaro qarz munosabatlariga kirishayotgan vaqtda amaldagi qonunchilik talablariga rioya etmasliklari, xususan, belgilangan summadan ortiq summaga nisbatan qarz shartnomasi tuzilayotganida, shartnomani oddiy yozma shaklda tuzish, ya’ni tilxat yozib berish yoinki qarz summasining qarz beruvchidan qarz oluvchiga topshirilganligini tasdiqlovchi boshqa hujjatni tuzish kabi harakatlar bajarilmaganligi, holat guvohlarning ishtirokida amalga oshirilmaganligi, oxir oqibat har ikki tarafning o‘zini haq ekanligini isbotlashda biror-bir arzirli dalil taqdim eta olmasliklariga guvoh bo‘lish mumkin.
Notarial idorada qarz shartnomasini tuzib, belgilangan tartibda rasmiylashtirish mumkin ekanligini ko‘pchilik bilmaydi, menimcha. Balki, ortiqcha chiqimdan qochish maqsadida bu idoraga murojaat qilinmaydi.
Tilxat yozilmaganligi natijasida qarz beruvchi pulini undirish masalasida Ichki ishlar idoralariga murojaat qilganida surishtiruvchi, tergovchi taraflarning va guvohlarning tushuntirishlarini olib, ularga huquqiy baho berib yakuniy qaror chiqaradi.
Aksariyat hollarda ushbu organ qarorida ikkinchi tarafning
xatti-harakatlarida jinoyat alomatlari mavjud emasligi sababli jinoyat ishini qo‘zg‘atish rad etilganligi bayon qilinadi va arizachiga mazkur masalada fuqarolik sudiga murojaat qilish huquqi tushuntiriladi.
Biroq, bu holat har doim ham da’vo talabi qanoatlantirib berilishini anglatmaydi.
Sud ishni ko‘rib chiqish davomida taraflar o‘rtasida haqiqatdan ham qarz munosabatlari vujudga kelgan-kelmaganligi, bu holatni tasdiqlovchi dalillar bor-yo‘qligini tekshiradi, bu bo‘yicha bir to‘xtamga keladi.
MIKROQARZ SHARTNOMASINI ESHITMAGAN ODAM BO‘LMASA KERAK
Bu ham qarz shartnomasining bir turi bo‘lib, unga ko‘ra bir taraf ikkinchi tarafga muayyan summani ma’lum bir davrda bo‘lib-bo‘lib qaytarish sharti bilan qarzga beradi. Bunda albatta berilgan qarzdan foydalanganlik uchun foizlar to‘lash nazarda tutiladi.
Yurtimizda mikroqarz shartnomasi orqali jismoniy shaxslarga qarz berish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi bir nechta tadbirkorlik sub’ektlari mavjud bo‘lib, oxirgi paytlarda sudlarda ularning qarz summasini undirib berish haqidagi da’vo talablari ham sezilarli darajada ko‘paygan.
Ishni sudda ko‘rib chiqish vaqtida qarz oluvchi haqiqatdan ham shartnoma tuzilib, qarz olganligini tan oladiyu, biroq moddiy tomondan qiynalganligi va ortiqcha daromadga ega emasligini vaj qilib, qarzni o‘z vaqtida qaytarib berish imkoniyati yo‘qligini bayon etadi.
Shuningdek, foizlar miqdori ancha yuqori ekanligini ro‘kach qilib, shartnoma tuzishda adolatsizlik bo‘lganligidan norozi bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 735-moddasiga ko‘ra, qarz oluvchi olingan qarz summasini qarz shartnomasida nazarda tutilgan muddatda va tartibda qarz beruvchiga qaytarishi shart.
Mazkur kodeksning 354-moddasiga ko‘ra, fuqarolar va yuridik shaxslar shartnoma tuzishda erkindirlar. Shartnoma tuzishga majbur qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, shartnoma tuzish burchi ushbu Kodeksda, boshqa qonunda yoki olingan majburiyatda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Xo‘sh, shunday ekan, javobgar shaxs shartnoma tuzish vaqtida o‘z erki va irodasiga asosan harakat qilgan yoki biror-bir shaxs uni shartnoma tuzishga majburlaganligi holatini qanday aniqlash mumkin bo‘ladi?
Bunday vaziyatlarda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning qarorlari yoki sudning hukmi mazkur masalaga oydinlik kiritishga yordam beradi.
Ya’ni, qarz oluvchi shaxs – fuqarolik ishi bo‘yicha javobgar shartnoma majburlov yoki qo‘rqitish natijasida tuzilganligi, shartnoma tuzishda o‘z xohishiga qarshi harakat qilganligi holatini tasdiqlovchi dalillar (qarorlar)ni sudga taqdim etishi kerak bo‘ladi.
Fuqarolik sudlariga berilayotgan da’vo arizalarning salmoqli qismi qanoatlantirilib, da’vo qilingan qarz summasini javobgardan da’vogarga undirish belgilanadi hamda sud qarori qonunchilikda belgilangan tartibda ijro qilish uchun tegishli ijro bo‘limlariga yuboriladi. Da’vogarlarning buzilgan huquqlari sud orqali tiklanadi.
To‘g‘ri, sudning qarori javobgar, ya’ni qarzdorga yoqmaydi. Lekin, qarz olgan shaxs ma’lum vaqt o‘tib, olingan qarzini qaytarib berishi kerakligini, aks holda, bu majburiyat sud qarori asosida o‘zining zimmasiga yuklatilishini esda tutmog‘i lozim bo‘ladi.
Fuqarolik sud ishlarini yuritish taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi asosida amalga oshiriladi.
Javobgar amalda qarz olmaganligi, olingan qarz summasini da’vogarga qaytarib berganligi yoxud da’vo talabini inkor etuvchi boshqa dalillarni keltirish huquqiga ega bo‘lib, da’vogarning da’vo talablari o‘z isbotini topmagan hollarda sud da’voni rad etadi.
Oddiy qilib aytganda, jismoniy va yuridik shaxslar o‘zaro qarz munosabatlariga kirishayotganida O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga rioya etishlari, zarur hollarda malakali huquqshunos maslahatidan foydalanishlari foydadan xoli bo‘lmaydi.
O‘z xatti-harakatlarining huquqiy oqibatlarini oldindan anglab yetish, shartnoma tuzishda yuzaga keladigan huquq va majburiyatlarni vaqtida tushunish taraflar o‘rtasida nizo kelib chiqishining oldini oladi, qarz munosabatlari bo‘yicha zarur huquqiy madaniyatning oshishini ta’minlaydi.
Albatta, «qarz» va «qarzdorlik» tushunchalarini o‘zaro farqlay olish sudlarga mazmunan to‘g‘ri bo‘lgan, asoslantirilgan da’vo arizalari kiritilishi hamda ishni mazmunan to‘g‘ri hal etilishiga zamin yaratadi, fuqarolarda o‘zaro tushunmovchilik va norozilik kayfiyati yuzaga kelishining oldini oladi.
Zero, o‘zganing haqqini o‘zlashtirib olib, va’da qilingan vaqtda qarzni qaytarmaslik vaqti kelib javobgarlikka sabab bo‘ladi, oilada, ro‘zg‘orda qut-baraka yo‘qolishiga zamin yaratadi.
Nodir Sulaymanov, Farg‘ona viloyat sudining
fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyasi