Sog‘lom jamiyat toza qo‘llardan boshlanadi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda vabo kasalligi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat yomonlashmoqda. Xususan, 2024 yilda bu xastalikni yuqtirish holatlari 2023 yildagiga nisbatan 5 foizga, o‘lim ko‘rsatkichlari esa 50 foizga ortgan. Ya’ni o‘tgan yili 6 ming nafardan ortiq odam vabo qurboniga aylangan. Qolaversa, 2024 yili epidemiya o‘choqlari aniqlangan mamlakatlar soni 60 taga yetgan. Bu ham undan avvalgi yildagiga nisbatan 15 ta ko‘p ko‘rsatkich.
Yuqori o‘sish holatlari qayd etilgan hududlar ro‘yxatida Afrika, Osiyo va Yaqin Sharq mintaqalari davlatlari yetakchilik qilmoqda. Kasallik qurbonlarining to‘rtdan bir qismi tibbiyot muassasalariga bormasdan vafot etgan. Xavotirli jihati, 2025 yilda ham global vabo inqirozi davom etmoqda: yil boshidan buyon 31 mamlakatda kasallik tarqalishi qayd etilgan.
Shundan kelib chiqib, JSST hukumatlar, donorlar va mahalliy hamjamiyatlarni vaboga qarshi hamjihatlikda kurashishga chaqirdi. Buning uchun, avvalo, aholini xavfsiz ichimlik suvi va gigiyena vositalari bilan ta’minlash zarur. Binobarin, o‘tgan yil boshida vaboga qarshi yangi innovatsion vaksina (OCV) tasdiqdan o‘tgan. Biroq uni xastalik o‘choqlariga yetkazib berish sur’ati talab darajasida emas.
Bilasizmi, 1816 yilda vabo kasalligi keng tarqab, dahshatli pandemiyaga aylangan, millionlab odamlarning qirilib ketishiga sabab bo‘lgan. Achinarlisi, insoniyat mazkur o‘lat-pandemiya bilan yetti marta to‘qnash keladi va kasallik sabab 1923 yilgacha yer aholisining 140 milliondan ortig‘i hayotdan ko‘z yumadi.

Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari” kitobida ham aynan o‘latlar bilan bog‘liq isitmalar haqida so‘z yuritilgan. Vabo yuqtirgan insonlar, o‘lat tarqalgan qishloqlar haqida ko‘plab badiiy filmlar yaratilganki, tomoshabin pandemiyaning nechog‘lik dahshatli va vahimali holat ekanini his qilmasligi mumkin emas. Kinotasmalardagi butun bir qishloq yoki ovulning yoqib yuborilishi, odamlarning tiriklayin yonishi, ularning bir-biridan qochishi, hatto ota-onaning o‘z jigaridan yoki farzandning ota-onasidan yuz o‘girishi kabi holatlar qalblarni larzaga solmay qo‘ymaydi.
Mutaxassislarning tushuntirishicha, vaboning qo‘zg‘atuvchisi batssillo bo‘lib, asosan og‘izdan kiradi. Oshqozon-ichak sistemasini zararlab, ich ketishini kuchaytiradi va odam suvsizlik, tana qurishidan vafot etadi. Bu kasallik uchragan paytlar qon tomiriga fiziologik suyuqlik quyib davolashning iloji bo‘lmagan. Bemor qancha suyuqlik ichmasin, u qonga so‘rilmay tashqariga chiqib ketavergan. Natijada, qon quyuqlashib hayotiy muhim a’zolarni kislorod bilan ta’minlay olmay qolgani sababli o‘lim sodir bo‘lgan. Bu kasallik qo‘ldan, aniqroq aytadigan bo‘lsak, yuvilmagan qo‘ldan yuqadi. Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, bunday kasalliklar Yevropa mamlakatlarida ko‘proq tarqalgan. Chunki, u yerda gigiyenaga rioya qilish juda past darajada bo‘lgan.
Demak, bundan anglashiladiki, inson salomatligida shaxsiy gigiyena, ayniqsa, qo‘l tozaligi juda muhim. Shu bois, 2025 yil 6 may kuni hukumatning “Sog‘liqni saqlash va ta’lim tashkilotlarida ichimlik suv hamda sanitariya-gigiyena infratuzilmasini kengaytirishga qaratilgan “Toza qo‘llar” dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Dasturning asosiy maqsadi sog‘liqni saqlash va ta’lim muassasalarida sanitariya-gigiyena sharoitlarini yaxshilash, qo‘l yuvish uchun sharoit yaratish va aholi orasida gigiyenik bilimlarni oshirishdir. Barcha tibbiyot va ta’lim muassasalarida qo‘l yuvish vositalari, antiseptiklar va gigiyena infratuzilmasini to‘liq ta’minlash, yangi binolarda hojatxona, dush va sanitariya xonalarini ichki qismga joylashtirish, bolalar va o‘smirlar o‘rtasida shaxsiy gigiyena bo‘yicha targ‘ibot ishlarini kuchaytirish hamda qishloq joylarda toza ichimlik suvi va sanitariyaga oid infratuzilmalarni kengaytirish dasturning asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi.
– “Toza qo‘llar” dasturi shunchaki vaqtinchalik tadbir emas, balki Prezidentimizning joriy yil 30 yanvardagi farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga kiritilgan hayotiy muhim yo‘nalishdir, – deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov. – Uning bosh g‘oyasi aholi, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlodning sifatli sanitariya-gigiyena vositalari va sharoitlaridan foydalanish imkoniya¬tini tubdan kengaytirishdir. Bu orqali yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish, jamiyatda yuqori sanitariya madaniyatini shakllantirish va pirovardida xalqimiz uchun sog‘lom turmush, xavfsiz mehnat va mazmunli dam olish uchun eng qulay sharoitlarni yaratish ko‘zda tutilgan. Bu, hech mubolag‘asiz, millat salomatligi va kelajagi yo‘lidagi muhim ma’naviy sarmoyalardan biri hisoblanadi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘l yuvish kabi oddiy gigiyenik odatlar yuqumli kasalliklarni 30-40 foizgacha kamaytirishi mumkin. Mutaxassis ta’kidlaganidek, oilada ota-onalar farzandlariga yoshlikdan boshlab shaxsiy gigiyena qoidalarini, ayniqsa, qo‘l yuvish madaniyatini sabr-toqat, qat’iy iroda bilan singdirishi kerak. Ta’lim muassasalarida esa murabbiylar va o‘qituvchilar “Toza qo‘llar” tamoyilini, ya’ni ovqatlanishdan oldin, hojatxonadan so‘ng, tashqaridan kelganda va boshqa barcha zarur hollarda qo‘lni, albatta, sovunlab, oqar suvda kamida 20-30 soniya davomida yuvish hayotiy zarurat va ¬madaniyat belgisi ekani o‘quvchilar ongiga chuqur kirib borishini ta’minlashi lozim. Bu faqatgina davlat idoralarining vazifasi emas, balki butun -jamiyatning, har birimizning umumiy ishimiz, vijdoniy burchimiz bo‘lmog‘i kerak.
Darhaqiqat, “Toza qo‘llar” dasturi nafaqat epidemiyalarga qarshi kurashda samarali vosita, balki aholi salomatligi uchun uzoq muddatli investitsiya hisoblanadi.
Ushbu dastur o‘z vaqtida joriy etildiki, boisi 2024-2025 yillarda global vabo inqirozining kuchayishi, 60 dan ortiq davlatda epidemiya o‘choqlarining qayd etilishi va o‘lim holatlarining ortishi bu xavfdan O‘zbekiston ham chetda qolmasligini ko‘rsatadi. Shuningdek, yaqin yillarda boshimizdan kechirgan koronavirus pandemiyasi ham gigiyena qoidalariga va sog‘lom turmush tarziga rioya qilishimiz muhimligini anglatdi.
Shunday ekan, xavfsiz ichimlik suvi, sanitariya va gigiyena qoidalariga rioya qilish bugun faqat shaxsiy emas, balki milliy xavfsizlik masalasidir. “Toza qo‘llar” dasturini esa faqat tibbiy chora emas, sog‘lom avlod, xavfsiz kelajak va kuchli jamiyat poydevori sifatida e’tirof etish mumkin.
Mohigul Qosimova, O‘zA