Andijon shahridagi “Universal” sport majmuasi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan murabbiy, xalqaro miqyosda tan olingan boks ustasi Vladimir Alekseyevich Zolotaryov xotirasiga bag‘ishlangan an’anaviy xalqaro boks turniriga mezbonlik qilmoqda.
V.A.Zolotaryov ko‘plab avlod sportchilarini tayyorlagan, mamlakatimizda boks sportining rivojlanishida muhim hissa qo‘shgan mutaxassis sifatida e’tirof etiladi.
Musobaqada mamlakatimizning barcha viloyatlaridan, shuningdek, Avstraliya, Xitoy, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston davlatlaridan jami 100 dan ortiq sportchi ishtirok etmoqda.
[gallery-26207]
Bellashuvlar davomida sportchilar o‘z mahoratini namoyish etib, xalqaro tajriba almashish imkoniga ega bo‘ladi. Turnir joriy yilning 15 noyabriga qadar davom etadi.
Bu kabi xalqaro musobaqalar yosh sportchilar uchun o‘z mahoratini sinab ko‘rish, malakasini oshirish va turli mamlakat vakillari bilan tajriba almashish imkoniyatini yaratadi. Shu bilan birga, mazkur turnirlar sportni ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va yoshlarni sportga jalb etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari