23-24 noyabr kunlari «Lund tavsiyalarining O‘zbekiston ijtimoiy hayotida kam sonli millatlar vakillari samarali ishtiroki bo‘yicha ahamiyati: asosiy tamoyillar va ilg‘or tajriba» mavzuida tashkil etilgan onlayn davra suhbati Toshkent bilan Gaaga shaharlarini o‘zaro bog‘ladi.
Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Kam sonli millatlar vakillari masalalari bo‘yicha oliy komissari hamda YeXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, YeXHTning Kam sonli millatlar vakillari masalalari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi direktori Kristof Kamp, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Elchi Jon Mak Gregor onlayn anjuman ishtirokchilarini qutladi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad kam sonli millatlar vakillarining mamlakat ijtimoiy hayotidagi samarali ishtiroki bilan bog‘liq masalalarni Lund tavsiyalari doirasida muhokama qilish va ushbu tavsiyalarni qo‘llash imkoniyatlarini ko‘rib chiqishdir.
Davra suhbatida kam sonli millatlarning mamlakat ijtimoiy hayotidagi samarali ishtiroki bo‘yicha Lund tavsiyalari YeXHT Kam sonli millatlar vakillari masalalari bo‘yicha oliy komissarining eng muhim siyosiy hujjatlaridan biri ekani qayd etildi. Lund tavsiyalari asosan YeXHT ishtirokchi davlatlarida qarorlar qabul qilish, xususan, o‘zlariga taalluqli qarorlarni ishlab chiqish hamda qabul qilish jarayonlarida etnik jamoalarning samarali ishtirokini ta’minlaydigan aniq chora-tadbirlar qo‘llanilishini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Tadbirda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Kam sonli millatlar vakillari masalalari bo‘yicha oliy komissarining siyosiy va yuridik masalalar bo‘yicha maslahatchilari hamda nufuzli xorijiy universitetlar xalqaro ekspertlarining ma’ruzalari tinglandi.
Davra suhbati ishtirokchilarining e’tibori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 17 fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga qaratildi. Chunki unda xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha asosiy vazifalar belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, Prezidentimizning 2020 yil 22 iyundagi farmoni bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi qabul qilingani va uni amalga oshirish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi” tasdiqlangani xususida fikr yuritildi. Ushbu hujjatlarda 2019-2021 yillarda Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini amalga oshirish, kam sonli millatlarning ijtimoiy va madaniy huquqlarini ta’minlash borasida bir qator chora-tadbirlarni bajarish belgilangan.
Bu haqda so‘z borganda, jumladan, O‘zbekistonda yashayotgan barcha millat va elatlarning tili va madaniyati rivojlanishi uchun barcha shart-sharoitlarni ta’minlash mexanizmini takomillashtirish; ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi faolligini yanada oshirish; kam sonli millatlar vakillarining ta’lim olish huquqini ta’minlash, ularning tillarida o‘quv adabiyotlarini yaratish kabi muhim vazifalarni alohida ta’kidlash lozim.
Davlatimiz rahbarining 2019 yil 15 noyabrdagi farmoni bilan Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi tasdiqlandi. Konsepsiya ijrosi, xususan, inson va fuqaroning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga, O‘zbekistonning birligi va yaxlitligini mustahkamlashga, uning hududida yashovchi millat va elatlarning etnik-madaniy o‘ziga xosligini saqlashga, jamiyatda millatlararo bag‘rikenglik, totuvlik va tinchlikni saqlab turish singari dolzarb masalalarga yo‘naltirildi.
Davra suhbati beshta sessiya doirasida o‘tkazildi. Bunda turli jamiyatlarning integratsiyasi sharoitida ijtimoiy xayotda samarali ishtirok etish tamoyillari, siyosiy hayotda samarali ishtirok etish bo‘yicha YeXHT turli mamlakatlarining ilg‘or tajribasi, madaniy va diniy hayotda samarali ishtirok etish orqali turfa xillikni ta’minlash, ijtimoiy-iqtisodiy ishtirok etishga inklyuziv yondashuv, kam sonli millatlar ayollarining ijtimoiy hayotda ishtirok etishidagi to‘siqlar va imkoniyatlar bo‘yicha dolzarb mavzular ko‘rib chiqildi.
Tadbirda, avvalambor, YeXHT Kam sonli millatlar masalalari bo‘yicha oliy komissari bilan O‘zbekiston hukumati o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Jumladan, kam sonli millatlarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotda ishtirok etishining asosiy yo‘nalishlari, hukumat va etnik jamoalar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash va munosabatlarni yaxshilash borasida birgalikda ish olib borish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, tegishli davlat organlari va manfaatdor tomonlarni kam sonli millatlarning O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotida samarali ishtirok etishida Lund tavsiyalarining amal qilish sohasi, asosiy prinsiplari va qoidalaridan xabardorlik muhim ekaniga e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, davra suhbati ishtirokchilari Lund tavsiyalarida o‘z aksini topgan ilg‘or tajribalardan yaxlit va birdam jamiyat barpo etish jarayonida amalda foydalanish imkoniyatlarini keng muhokama qildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati.