Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida yoshlar o‘rtasida V Paraosiyo o‘yinlari doirasida para suzish va para taekvondo bo‘yicha bahslar nihoyasiga yetgandi.
Quvonarlisi, para suzish bo‘yicha vakillarimiz musobaqa yakunlariga ko‘ra, 36 ta oltin, 15 ta kumush va 8 ta bronza, jami 59 ta medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, O‘zbekiston para taekvondo terma jamoasi 3 ta oltin, 4 ta kumush va 7 ta bronza medallariga sazovor bo‘ldi.

Qayd etilgan ushbu muvaffaqiyatlardan so‘ng, musobaqa rasmiy saytida O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar soni 99 ta oltin, 57 ta kumush, 41 ta bronza jami 197 tani tashkil etmoqda. Buning natijasida delegatsiyamiz umumjamoa hisobida birinchi o‘rinda bormoqda.
Paraosiyo o‘yinlarida jamoamizdan so‘ng Eron delegatsiyasi 62 ta oltin, 81 ta kumush va 73 ta bronza medali bilan ikkinchi o‘rin, yaponiyalik para sportchilar 40 oltin, 25 kumush va 12 bronza jamg‘arib, kuchli uchlikdan joy olgan.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA