Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“V International Tashkent Marathon” g‘oliblari pul mukofoti bilan taqdirlanadi (+video)
21:37 / 2023-02-24

Joriy yilning 12 mart kuni poytaxtimiz Toshkentda “V International Tashkent Marathon” xalqaro marafoni hamda mamlakatimizning 13 ta hududida “Yangi Nafas” yugurish musobaqalari o‘tkazilishi belgilangan.

Aholi salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini keng targ‘ib etish maqsadida o‘tkazilayotgan mazkur marafon va yugurish musobaqalariga ayni kunlarda qizg‘in tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.  

Bugun, 24 fevral kuni poytaxtimizda tashkiliy qo‘mita a’zolari, mutaxassislar ishtirokida “V International Tashkent Marathon” xalqaro marafoni hamda 13 ta hududda o‘tadigan “Yangi Nafas” yugurish musobaqalariga tayyorgarlikning borishi bo‘yicha matbuot anjumani tashkil etildi.  

Anjumanda ishtirok etgan yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, Yoshlar ishlari agentligi direktor o‘rinbosari Dilnoza Kattaxonova, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi bosh kotibi Kamoliddin Ro‘zamuhamedov jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.  

Ta’kidlanganidek, musobaqalar 42 kilometr masofada klassik marafon, 21 kilometr masofaga yarim marafon, shuningdek, 3 va 10 kilometr masofada ommaviy yugurish shaklida o‘tkaziladi. Ilk marotaba Toshkent marafoni doirasida bolalar o‘rtasida “Kids Run” ommaviy yugurish musobaqalari tashkil etiladi.  

Navro‘z ayyomini nishonlash arafasida Toshkent, an’anaviy tarzda, turli xil mamlakatlardan tashrif buyurgan minglab yugurish havaskorlarini birlashtiruvchi haqiqiy sport poytaxtiga aylanadi. 2019 yilda marafonda 1 ming 600 nafar yuguruvchi ishtirok etgan bo‘lsa, 2022 yilda ishtirokchilar soni 2 ming 700 nafarni tashkil qildi.  

Aytish lozim, “V International Tashkent Marathon” xalqaro marafoni  maqomi yildan yilga nafaqat yurtimizda, xalqaro maydonda ham ortib bormoqda. 2022 yilda IV Toshkent xalqaro marafoni Shanxay hamkorlik tashkiloti xalqaro yarim marafoni bilan birgalikda o‘tkazilib, bunda 21 ta mamlakatdan yuguruvchilar ishtirok etgan edi.  

Bu galgi yubiley marafonida esa 5500 nafar ishtirokchi qamrab olinishi nazarda tutilgan bo‘lib, bugungacha 10ga yaqin mamlakat vakillari ishtirok etish istagini bildirdi. Ushbu marafon bahslari Olimpiya o‘yinlari reyting ochkolarini taqdim etishi bilan ham ahamiyatlidir. Markaziy Osiyo mamlakatlaridan 300 nafar yengil atletikachi qatnashishi kutilmoqda. Shuningdek, Tailand, Buyuk Britaniya, Mo‘g‘uliston vakillari ham qatnashish uchun ro‘yxatidan o‘tishgan. Talabnomalarni qabul qilish ishlari 5 martga qadkar davom etadi.  

“V International Tashkent Marathon” xalqaro marafonining g‘olib va sovrindorlari pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Umumiy pul mukofoti 259 million 720 ming so‘mni tashkil etmoqda. 42 kilometr masofalik marafonda 1-o‘rinni egallagan sportchi 30 million so‘m, 2-o‘rin – 20 million, 3-o‘rin —  15 million,  4-o‘rin – 10 million, 5-o‘rin – 8 million, 6-o‘rin – 5 million so‘mni qo‘lga kiritadi.  

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/HtBRCjRYt2s" title="“V International Tashkent Marathon” g‘oliblari pul mukofoti bilan taqdirlanadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Yarim marafon ishtirokchilari uchun quyidagi pul mukofotlari nazarda tutilgan: 1-o‘rin —  20 mln so‘m, 2-o‘rin – 15 mln so‘m, 3-o‘rin —  12 mln so‘m,  4-o‘rin – 8 mln so‘m, 5-o‘rin – 6 mln so‘m, 6-o‘rin – 4 mln so‘m.  

10 kilometr masofaga yugurish musobaqasida 1-o‘rin – 6 mln so‘m, 2-o‘rin 4 mln so‘m, 3-o‘rin — 2 mln so‘mni qo‘lga kiritadi. 3 kilometr masofaga yugurish ishtirokchilariga qimmatbaho sovg‘alar taqdim etiladi.  

Marafonning yangi tadbiri sifatida 11 mart kuni bolalar o‘rtasida “Kids Run” ommaviy yugurish poygasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unda ikkita yosh toifasidagi bolalar – 2015 va 2011 yilgacha tug‘ilganlar ishtirok etishi mumkin. Ushbu ommaviy yugurish poygasi ishtirokchilarini ro‘yxatdan o‘tkazish bepul. “Kids Run” ommaviy yugurish poygasi skandinavcha yurish havaskorlari bilan birgalikda o‘tkaziladi. Bolalar masofasi 1 km, yuruvchilarning masofasi 3 kilometrni tashkil etadi.  

Anjuman davomida “Temir daftar”ga kiritilgan, ijtimoiy muhofazaga muhtoj insonlar, ularning farzandlariga ommaviy yugurish tadbirlarida ishtirok etishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratilishi xususida ham so‘z yuritildi.  

To‘lqin Ro‘ziyev, D.Yoqubov(surat), O‘zA