“UzWaterAware”: suv – hayot, kelajak va orzular debochasi
“UzWaterAware”, yaʼni “Oʻzbekistonda suv va ekologiyani barqaror rivojlantirish boʻyicha xabardorlikni oshirish va hamkorlik. 3-komponent”, deb nomlangan loyiha muvaffaqiyatli yakunlandi.
“UzWaterAware”, yaʼni “Oʻzbekistonda suv va ekologiyani barqaror rivojlantirish boʻyicha xabardorlikni oshirish va hamkorlik. 3-komponent”, deb nomlangan loyiha muvaffaqiyatli yakunlandi.
U 2016-yilning noyabr oyidan 2020-yilning noyabr oyiga qadar mamlakatimizning 9 viloyati va Toshkent shahrida amalga oshirildi.
Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazining mamlakatimizdagi filiali Oʻzbekiston Ekologik harakati, “Yuksalish” umummilliy harakati, Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi, Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi, Xorazmning “KRASS” agro-konsalting markazi, “Ekomaktab”, “Salomatlik plyus ekologiya” (Qoʻqon), “Ekologik toza Fargʻona uchun” (Fargʻona), “Rodnichok” (Toshkent viloyati) nodavlat notijorat tashkilotlari bilan ushbu loyiha doirasida bir qator tadbirlar tashkil etdi.
Shu bilan birga, 35 ta suv-ekologiya sohasidagi NNT xodimlari “UzWaterAware” loyihasining viloyatlardagi mahalliy hokimiyat organlari koʻmagida hamkor NNTlar bilan birgalikda amalga oshirilgan turli sayyor trening va demo-turlarda faol qatnashishga muvaffaq boʻldi.
Loyihaning milliy hamkori boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, ularning matbuot xizmatlari bilan yaqin hamkorlik oʻrnatilishi ham suv va ekologiya mavzusida samarali faoliyat olib borishda katta ahamiyat kasb etdi.
“UzWaterAware” loyihasini amalga oshirishda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda 100 ga yaqin turli formatdagi tadbir, OAV vakillari, viloyatlar tahririyatlari va blogerlarining faol jalb etilishi natijasida suv va ekologiya mavzularida 600 dan ziyod bosma, onlayn, audio va video materiallar taqdim etildi.
Poytaxtimizda “UzWaterAware” loyihasining yakuniy va hisobot tadbirlarida amalga oshirilgan bu boradagi ishlar sarhisob qilindi.
Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi ijrochi direktori Zafar Mahmudov, ushbu markazning Oʻzbekistondagi filiali direktori, loyiha menejeri Shahnoza Umarova, loyihaning xalqaro ekspertlari Genri Viyes, Alexandro Pastrana va boshqalar aholi keng qatlamining iqlim oʻzgarishi sharoitida suv resurslaridan oqilona foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilishning ahamiyati haqida xabardorlik va bilim darajasini oshirish, shuningdek, vazirliklar va ularning matbuot xizmatlari, NNT, yoshlar tashkilotlari hamda OAV bilan hamkorlikni va oʻzaro aloqalarni mustahkamlashdek maqsadlarga loyihaning amaliyotga tatbiq etish jarayonida erishilganini taʼkidladi.
Tadbirda Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazining Oʻzbekistondagi filiali direktori, loyiha menejeri Shahnoza Umarovaning “UzWaterAware” loyihasi boʻyicha amalga oshirilgan ishlar boʻyicha hisoboti tinglandi.
Shahnoza Umarovaning qayd etishicha, “UzWaterAware” loyihasi keng qamrovda va bepul tarqatish uchun maxsus ishlab chiqilgan “bilim mahsullari”ni meros qoldirmoqda. Jumladan, suv-ekologiya darsini oʻtkazish uchun tayyor qoʻllanma formatida yaratilgan 5 ta animatsion rolik, “Barqaror rivojlanish maqsadida suvdan oqilona foydalanish masalalarini yoritish” mavzusidagi bilim beruvchi onlayn kurs joylashtirilgan 1 ta taʼlim onlayn-platformasi: www.uzwateraware.uz, suv haqida 2 ta yorqin bezakli kitob elektron formatda: “Bebaho suv haqida qimmatli bilimlar” bolalar kitobi (oʻzbek, rus va qoraqalpoq tillarida) hamda kitobxonlarning keng koʻlami uchun moʻljallangan “Suv yoʻli” kitobi (rus va oʻzbek tillarida) yaratilgan. Shuningdek, “UzWaterAware” loyihasi doirasida Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi va Germaniyadagi “BORDA” NNTlar bilan “OAV va NNT uchun uslubiy qoʻllanmalar”, “Ekomaktab” NNT tomonidan rus va oʻzbek tillarida ishlab chiqilgan “Oʻqituvchilar uchun oʻquv qoʻllanma va bolalar uchun oʻquv materiallari” kabilar bunga yaqqol misoldir.
– Hamkor NNTlar, jurnalistlar va koʻplab tadbirlarimizning ishtirokchilari taʼkidlaganidek, UzWaterAware haqiqatan ham noodatiy, yorqin hamda koʻp jihatdan pozitiv-eksperimental loyihaga aylandi, – dedi loyiha menejeri, MOMEMning Oʻzbekistondagi filiali direktori Shahnoza Umarova. – Loyiha nostandart yondashuvlarni va suv-ekologiya toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni turli tadbirlar orqali, shu jumladan, maqsadli auditoriya uchun tushunarli shaklda tayyorlangan “bilim mahsulotlari"ni qiziqarli qilib yetkazib berish mumkinligini dadil namoyon etdi. Chunki suv mavzusi, ayniqsa, suv resurslaridan oqilona foydalanish mavzusi yoshimiz, faoliyat sohamiz va qiziqishlarimizdan qatʼi nazar, har birimizga taalluqlidir. Ayniqsa, suv resurslari nisbatan cheklangan hududda yashayotganimizni inobatga oladigan boʻlsak, bu biz uchun dolzarb masalaga aylanib boraveradi.
Taʼkidlash kerakki, “UzWaterAware” loyihasi doirasida respublikamiz viloyatlari hamda Ispaniya va Germaniyaga uyushtirilgan sayyor demo hamda stadi-safarlar amaliy ahamiyat kasb etdi.
– Ushbu loyiha doirasida oʻzbekistonlik bir guruh vakillarni Ispaniyadagi suv va ekologiya tizimida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirishga muvaffaq boʻldik, – dedi loyihaning xalqaro eksperti Alexandro Pastrana. – Ispaniyaning ayrim hududlari iqlimi ham Oʻzbekiston iqlimiga oʻxshashligi, qurgʻoqchil hududlarning mavjudligi, suv tanqisligi va qishloq xoʻjaligi sohasini rivojlantirishga qoʻyilgan yangi qadamlar bu yurt tajribasini oʻrganish va amaliyotga qoʻllashga imkon yaratadi. Bizda Ispaniya atrof-muhit va demografik vaziyat vazirligi suv resurslari va suv muammolari bilan shugʻullanadi. Bu davlatning har bir hududida oʻziga xos iqlimiga ega. Uning ayrim hududlarida umuman yomgʻir yogʻmasligi, yoki ayrim hududida doimiy yogʻingarchilik kuzatiladi. Ishtirokchilar Ispaniya qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan jurnalistlar assotsiatsiyasi, Kastiliya-La-Mancha universiteti, Ispaniya atrof-muhit va demografik vaziyat vazirligi, “Almajar” ilmiy-eksperimental markazi, suv va uni boshqarish tizimlari faoliyati bilan tanishdi. Shu jihatdan ham, loyiha barchamiz uchun foydali va amaliy ahamiyatga ega boʻldi, deb oʻylaymiz.
Milliy hamkor sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi ham “UzWaterAware” loyihasining barcha tadbirlarida yaqindan yordam berdi va faol ishtirok etdi.
– Suv va ekologiya masalasi bugungi kunning muhim mavzusiga aylanmoqda, – dedi Suv xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati rahbari Shuhrat Suyunov. – Shu jihatdan, ushbu loyiha yurtimiz soha mutaxassislari uchun foydali boʻldi. Albatta, ushbu oʻzaro hamkorlik suv resurslariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlish va ulardan samarali foydalanishda Oʻzbekiston aholisining xabardorligini oshirish va doimiy ravishda maʼlumotlarning keng tarqalishini taʼminlaydi. Oʻz navbatida, suvni tejaydigan texnologiyalar, tomchilatib sugʻorish, gidrogel boʻyicha fermerlar uchun mahorat darslarining oʻtkazilishi, suv mavzusida 7 ta ijodiy tanlov va bitta bilim beruvchi 12 haftalik onlayn viktorinalarning tashkil etilishi, Orolboʻyi hududi, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yevropaga media hamda stadi sayohatlar uyushtirilishi vazirlik matbuot xizmati faoliyati uchun ham katta tajriba va amaliy koʻnikmadir.
Ushbu fikrlar xulosasi shuki, “UzWaterAware” loyihasi oʻz oldiga qoʻygan maqsadga erishdi. Biroq global muammo boʻlgan suv va ekologik muammolar, ular yechimini izlash har birimizning kundalik ishimiz boʻlishi zarur. Toʻrt yil mobaynida loyihaning qahramoniga aylanib ulgurgan aka-uka Hasan va Husanlar oilalarida boʻlgani kabi real hayotda ham suvni tejash va hurmat qilish kerakligini biladigan, bu shiorga amal qiladigan, shuningdek, bu haqda biladiyu, ammo suvni tejashni, asrashni odat qilmaydigan oilalar talaygina. Shu maʼnoda, “suvni hurmatlang – uvajayte vodu – respect water” loyihaning shiori va xeshteglari biz uchun doimo jaranglab turishini istar edik. Zero, SUV hayot, kelajak va orzularimiz ushalishidir.