Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
UzWaterAware media-trening: tanlov gʻoliblari eʼlon qilindi
17:35 / 2020-08-20

Poytaxtimizda “Oʻzbekiston OAVlarida suvni tejash masalalari” mavzuida onlayn davra suhbati oʻtkazildi.


Poytaxtimizda “Oʻzbekiston OAVlarida suvni tejash masalalari” mavzuida onlayn davra suhbati oʻtkazildi.

Mahalliy va xalqaro tashkilotlar masʼullari, ommaviy axborot vositalari hamda NNT vakillari ishtirokida tashkil etilgan tadbirdan koʻzlangan maqsad UzWaterAware loyihasi doirasida Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi tomonidan joylarda oʻtkazilgan bir qator tashqi treninglar ishtirokchilari oʻrtasida oʻtkazilgan media-tanlov gʻoliblarini taqdirlashga qaratildi.

Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazining ijrochi direktori Zafar Mahmudov onlayn-efirda soʻzga chiqib, MOMEM suv va ekologik muammolarni hal qilish boʻyicha oʻz faoliyatini butun mintaqadagi xalqaro tashkilotlar, davlat idoralari, butun Markaziy Osiyo mintaqasidagi NNTlar bilan koʻp yillardan buyon hamkorlikda amaliy natijalarga erishilayotganini alohida taʼkidladi.

– Soʻnggi bir necha yilda biz yana bir faol va manfaatdor sherik topishga muvaffaq boʻldik. Bu jurnalistlar, – dedi u. – Bugungi kunda amalga oshirilayotgan har bir mintaqaviy va milliy loyihalarda biz suv va ekologiya masalalarini yoritish boʻyicha bilim va koʻnikmalarni oshirish maqsadida OAV uchun bilim beruvchi tarkibni koʻzda tutishga intilmoqdamiz. Yevropa Ittifoqining moliyaviy koʻmagida oʻtkazilayotgan UzWaterAware loyihasi bunga alohida eʼtibor qaratadigan loyihalardan biriga aylandi.

Taʼkidlash kerakki, mamlakatimizda ekologiyani yaxshilash, suvni tejash va undan unumli foydalanish, qishloq xoʻjaligi sohasida bu borada yangi texnologiyalarni tatbiq etish muhim masalalardan. Ayniqsa, aholi oʻrtasida suvdan oqilona foydalanish boʻyicha ularning xabardorligini oshirishda OAV vakillarining alohida oʻrni bor. Ularning mavzu doirasidagi yutuq va muammolarni tahliliy maqolalari bilan koʻrsata olishi muhim ahamiyat ega.

–Dunyoda ekologik muammolar va suv tanqisligi sezilayotgan bir paytda bizning asosiy vazifamiz bu masalalarda jurnalistlar faolligini oshirish hamda ularning materiallari orqali aholini xabardor qilishdir, – dedi Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi treneri Nargis Qosimova. – Shu maqsadda 2018-2019-yillarda MOMEM tomonidan Yevropa Ittifoqining moliyaviy koʻmagi asosida amalga oshirilayotgan UzWaterAware loyihasi doirasida treninglar va media-tanlov oʻtkazildi. U jurnalistlar hamda Andijon, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Fargʻona, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasida suv-ekologiya sohasida faoliyat yuritayotgan NNT vakillarini qamrab oldi. Dastlabki saralash mobaynida tele- va radiojurnalistika, internet hamda bosma OAV yoʻnalishlari boʻyicha jami 97 ta tanlov ishi koʻrib chiqildi. Treninglar va tanlovning asosiy maqsadi OAV vakillarining suv boʻyicha savodxonligini, kommunikatsion hamda texnik malakalarini oshirishdan iborat edi. Bugun esa ana shu qilingan ishlar sarhisobini erishilgan natijalarda koʻrmoqdamiz.

Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi vakolatxonasining matbuot va axborot masalalari boʻyicha maslahatchisi Nargiza Aliqulovaning taʼkidlashicha, 2016-yilda loyiha boshlanganidan buyon Oʻzbekistonning 10 viloyati va Qoraqalpogʻiston Respublikasida jurnalistlar ishtirokida 10 dan ortiq turli tematik treninglar tashkil etilgan. Oʻtgan davrda treninglarda ishtirok etgan jurnalistlarning suv va ekologiyaga oid 530 ga yaqin materiallari turli nashrlarda chop etilgan.

Tadbir yakunida videomaterial, radiomaterial, bosma va onlayn yangilik yoʻnalishlari boʻyicha tanlov gʻoliblari maʼlum qilindi. Unga koʻra, tanlov gʻoliblari va uning bosh mukofotlari (noutbuklar) sovrindorlari Abdulaziz Musayev (OʻzA), Ulugʻbek Hamroqulov (MTRK, “Dunyo boʻylab”), Maʼrifat Mavlonova (“Jizzax” radiosi) va Mansur Hasanov (“Samarqand” gazetasi) boʻldi.

Shuningdek, tanlov ishtirokchilaridan Sayyora Shoyeva, Olima Hamroyeva, Baxtiyor Moʻminov, Doniyor Joʻrayev, Mastura Hamroyeva, Nafisa Xolmoʻminova, Gulnoz Nurbekova, Zeboxon Saidova va Mavjuda Sobirboyeva ragʻbatlantiruvchi nominatsiyalar boʻyicha taqdirlandi.