Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uzunovulda yangi uylar foydalanishga topshirildi
16:12 / 2022-02-22

Gap Samarqand viloyati Jomboy tumanining Katta qishloq mahallasidagi shu nomli massivida qurilgan ko‘p qavatli uylar haqida bormoqda.

Massivda har biri 20 xonadonli 6 ta ko‘p qavatli uy qurilib, aholining uy-joyga ehtiyojmand qatlamiga imtiyozli kredit asosida berildi. “Qishloqqurilishinvest” hamda “Anvar zamon nur” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan bunyod etilgan bir yo‘lakli bu uylar zamonaviy arxitektura yechimlari asosida loyihalangani, arzon va qulayligi bilan e’tiborlidir.  

– Ikki yil oldin turmush o‘rtog‘im vafot etgach, uy-joysiz qoldik, – deydi D.Mamatqulova. – Ikki nafar o‘g‘lim bilan qayerga borishni bilmasdik. Yordam so‘rab hokimlikka murojaat qilganimdan so‘ng, yangi quriladigan uylardan kredit asosida uy berilishini aytishgan edi. Mana bugun uch xonali uyga ko‘chib o‘tdik. Davlatimizdan minnatdormiz. 

Yangi xonadonlarni foydalanishga topshirish marosimi doirasida kam ta’minlangan oilalarning 10 nafar farzandi xatna to‘ylari ham o‘tkazildi. Yaqin orada mazkur hududda yana 40 xonadonli 2 ta ko‘p qavatli uy o‘z egalariga topshiriladi.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yilda tumanning Ahmadjon Qurbonov, Qo‘lbosti va Katta qishloq mahallalarida qariyb 150 xonadonli ko‘p qavatli va ijtimoiy uylar qurilib, ehtiyojmand olilar va og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga berilgan. 

G‘.HASANOV, O‘zA