Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uzunda Yaponiya tajribasi asosida xurmo yetishtiriladi
14:17 / 2026-02-19

Surxondaryo viloyatining Uzun tumanidagi “TDIL” fermer xo‘jaligida “Xurmo shoxlarini kesish, daraxtini parvarishlash va o‘g‘itlash” mavzuiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

“Uzun Agro-Star” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etgan tadbirda Tokio qishloq xo‘jaligi va texnologiyalar universiteti professorlari Takuya Ban va Noma Satoshi fermer hamda bog‘bonlarga o‘z tajribalarini so‘zlab berdi. Taklif va tavsiyalarini bildirdi.

Sohada chorak asrdan buyon ilmiy tadqiqot ishlarini olib borayotgan yaponiyalik olim xurmo yetishtirishda boy tajribaga ega. Tumanda uning zamonaviy agrotexnik usullari asosidagi ilmiy yondashuvlarini joriy etib, mo‘l hosil olish mumkin.

Seminarda xurmo daraxtini kesish va shakllantirish usullari, hosildorlikni oshirishda o‘g‘itlash tizimining ahamiyati, kasallik va zararkunandalarga qarshi profilaktik choralar, Yaponiya tajribasi asosida intensiv xurmo bog‘i tashkil etish xususida atroflicha tajriba almashildi.

Shu kuni  tuman hokimligida xurmo mevasini quritish va undan mayiz tayyorlash masalalariga bag‘ishlangan taqdimot ham o‘tkazildi. Tadbirda xurmo parvarishlayotgan fermer va tadbirkorlarga xalqaro standartlarga mos, eksportbop va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulot ishlab chiqarish texnologiyalari haqida yetarli ma’lumot berildi.

Tuman hokimi Habibulla Bozorovning ta’kidlashicha, Uzun xurmo yetishtirishga ixtisoslashib bormoqda. Mahalliy aholi noyob meva daraxtini parvarishlashda boy tajribaga ega. Tabiiy quyosh nuriga to‘yinib yetilgan mevasini zamonaviy usulda qayta ishlash orqali tumanda qo‘shimcha qiymat yaratishga qulay muhit mavjud. 

Mutaxassislar xurmo tarkibida inson organizmi uchun zarur glyukoza, saxaroza, yod, magniy, kalsiy, marganets va temir moddasi borligini aytadi. Shuningdek, A vitamini onkologik kasalliklarning oldini olishga, R vitamini tomirlardagi mo‘rtlikni kamaytirishga xizmat qiladi. Tarkibidagi S vitamini umumiy mustahkamlovchi xususiyatga ega. Pektin moddasi ovqat hazm qilish jarayoni uchun juda foydali bo‘lib, hazm tizimi buzilishi holatlarida xurmo iste’mol qilish tavsiya etiladi.

Yaponiyalik olimlar yuqori sifatli quritilgan xurmoga kunchiqar mamlakatda ehtiyoj va talab ortib borayotgani, uzunliklar xom mahsulotni qayta ishlash orqali daromadni bir necha barobar oshirish imkoniyatiga egaligi yuzasidan ham fikr almashdi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri