Surxondaryo viloyati ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi nazoratchilari Uzun tumanida navbatdagi tezkor reyd tadbirini o‘tkazayotganida kesilgan daraxt tanalarini ortib harakatlanayotgan yuk mashinasiga duch keldi. Transport vositasi to‘xtalib, surishtiruv ishlari boshlandi.
O‘rganish chog‘ida daraxtlar o‘tin uchun kesilgani va Uzun tumanidagi Obod yurt mahallasida yashovchi Azimboy Jovliyev (ism-shariflar o‘zgartirildi)ga tegishli ekani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, avtotransport vositasiga yuklangan terak daraxtining oltitasi Fayzabod mahallasilik Suvon Tolibov tomorqasidan va uchta o‘sib turgan hamda bitta o‘suvchanligini yo‘qotib, qurigan terak daraxti mahalladan oqib o‘tuvchi kanal bo‘yidan kesib olingani aniqlandi.


Holat yuzasidan Azimboy Jovliyevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 79-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 10 million 300 ming so‘m jarima qo‘llanildi. Noqonuniy daraxt kesish oqibatida tabiatga 6 million 386 ming so‘m zarar yetkazgani hisob-kitob qilindi.


Viloyatda “Yashil makon” umummilliy harakatining bahorgi mavsumi boshlanib, joylarda yangi bog‘-rog‘lar yaratilayotgan shu kunlarda Azimboy Jovliyev o‘zboshimchalik bilan g‘ayriqonuniy kesgan o‘n tup daraxti uchun qariyb 17 million so‘m jarima to‘laydigan bo‘ldi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri